Xususiy ta’lim tashkilotlarida inspektor lavozimini joriy etish loyihasiga jamoatchilik qanday fikr bildirdi?

Xususiy ta’lim tashkilotlarida inspektor lavozimini joriy etish loyihasiga jamoatchilik qanday fikr bildirdi?

Xususiy ta’lim tashkilotlarida ichki ishlar organlari xodimlari uchun alohida lavozimlar joriy etishni nazarda tutuvchi loyiha jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan edi. 3-noyabr kuni yakunlangan muhokamada hujjat yuzasidan 1 100 dan ortiq izoh qoldirilib, ularning aksariyatida taklifga qarshi fikrlar bildirilgan.

 

Muhokamalar portaliga “Nodavlat ta’lim tashkilotlarida ichki ishlar organlari profilaktika katta inspektorlari va voyaga yetmaganlar masalalari bo‘yicha (katta) inspektorlarining faoliyatini tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi loyiha joylashtirilgan edi.

 

Taqdim etilgan qaror loyihasiga ko‘ra, nodavlat ta’lim tashkilotlariga o‘z mablag‘lari hisobidan quyidagi lavozimlarni joriy etishga ruxsat berilishi taklif qilingan:

 

  • Xususiy oliy ta’lim muassasalarida — profilaktika katta inspektori hamda xotin-qizlar masalalari bo‘yicha katta inspektor;
  • Xususiy maktablar va o‘rta maxsus ta’lim tashkilotlarida — voyaga yetmaganlar masalalari bo‘yicha inspektor-psixolog yoki katta inspektor-psixolog.

 

Muhokama 3-noyabrga qadar davom etdi. Shu vaqt ichida loyiha yuzasidan jami 1 103 ta fikr va mulohaza qoldirildi. Ularning aksariyatida loyihani ma’qullamaslik, xususiy ta’lim tashkilotlari zimmasiga qo‘shimcha moliyaviy yuk yuklanishi va tadbirkorlik faoliyatiga aralashuv yuzaga kelishi mumkinligi ta’kidlangan.

 

Loyiha matnida yangi shtat birliklari ta’lim tashkilotlarining o‘z mablag‘lari hisobidan tashkil etilishi belgilangan. Bundan tashqari, nizomning 64-bandiga ko‘ra, ta’lim tashkilotlari inspektorlar uchun xizmat xonasi ajratishi, uni ta’mirlashi, shuningdek, mebel, aloqa vositalari va kompyuter bilan jihozlashi kerak.

 

Izohlarda ham yangi lavozimlarni nodavlat ta’lim tashkilotlarining o‘z mablag‘lari hisobidan joriy etish taklifiga e’tiroz bildirilgan. Jamoatchilik vakillarining fikricha, bu xususiy maktab va boshqa ta’lim muassasalari uchun qo‘shimcha moliyaviy yuk bo‘lishi, natijada ota-onalar zimmasiga ham qo‘shimcha xarajat tushishiga olib kelishi mumkin.

 

“Shundoq ham xususiy maktablar moliyaviy qiyinchilikda hisoblanadi. Davlat tomonidan ta’minlansa buni o‘ylab ko‘rish mumkindir. Lekin oyliklari maktablardan undirilsa juda muammoli masalaga aylanadi. Juda katta e’tirozlarga olib keladi. Ularning oyliklarini ham ota-onalar to‘lashiga sabab bo‘ladi”, — deya fikr bildirgan muhokama ishtirokchisi Avaz Tulovov.

 

Xususiy ta’lim tashkilotlarida inspektor lavozimini joriy etish loyihasiga jamoatchilik qanday fikr bildirdi?

 

Yana bir qator izohlarda loyiha xususiy ta’lim tashkilotlari faoliyatiga aralashuv sifatida baholangan. Jumladan, Kamoliddin Muydinov bunday lavozimlarni joriy etish majburiy emas, ixtiyoriy bo‘lishi kerakligini ta’kidlagan.

 

“Xususiy tashkilotga majburiy qilish umuman noto‘g‘ri, chunki uni xususiyligi qolmaydi, ixtiyoriyligicha qolishi kerak. Xususiy maktablarda o‘quvchilar sababsiz qoldirishi judayam kam holda uchraydi, qolaversa xususiy tashkilot dars qoldirgan o‘quvchini shartnomasini bekor qilish huquqiga ega. Menimcha davlat maktablariga 2 tadan inspektor psixolog yollash kerak”, — deya izoh qoldirgan u.

 

Loyihada voyaga yetmaganlar masalalari bo‘yicha profilaktika inspektorlari ta’lim muassasasi ma’muriyati va mahalla fuqarolar yig‘ini raislari bilan hamkorlikda davomatni yaxshilash, sababsiz muntazam dars qoldirayotgan o‘quvchilarni aniqlash, ularning yashash manziliga borib, ota-onalari bilan profilaktik suhbatlar o‘tkazishi belgilangan.

 

Ayrim ishtirokchilar xususiy ta’lim tashkilotlarida davomat va tartib-intizomni nazorat qilish mexanizmlari mavjudligini qayd etgan. Ularning fikricha, alohida inspektor shtatini joriy etish o‘rniga mavjud imkoniyatlardan foydalanish maqsadga muvofiq.

 

Choriyev Elyor Komolovich nodavlat tibbiyot texnikumlarida alohida inspektor shtatini joriy etish zarur emasligini bildirib, mahalla yettiligi tarkibidagi profilaktika inspektorlarining vazifalarini eslatgan.

 

“Chunki mahalla yettiligi tarkibidagi IIB xodimi — profilaktika inspektori o‘z xizmat vazifalari doirasida jamoat tartibini saqlash, huquqbuzarliklarning oldini olish hamda nizoli vaziyatlarni bartaraf etish bilan shug‘ullanadi. Bizning texnikumimizda ham nazorat va tartib-intizom yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Shu sababli, mavjud tizimni takrorlaydigan yana bir shtat joriy etish o‘rniga, ta’lim sifatini oshirish va o‘quvchilarimiz uchun zarur bo‘lgan boshqa imkoniyatlarni yaxshilashga ko‘proq e’tibor qaratish kerak, deb hisoblaymiz”, — deya izoh qoldirgan u.

 

Bundan tashqari, izohlarda yangi shtatlarning aynan nodavlat ta’lim tashkilotlarida joriy etilishi kerakligi ham savol ostiga olingan.

 

“Qarshiman. Bunday lavozim har bir texnikum uchun alohida bo‘lishi shart emas. Mahalla uchastka noziri bor-ku. Keyin nega aynan nodavlat o‘quv muassasalari uchun tashkil etilishi kerak? Davlat o‘quv muassasalarida hamma talabalar tartibli, nodavlatniki tartibsiz deyilmoqchimi?..”, — deya izoh qoldirgan yana bir ishtirokchi.

 

Xususiy ta’lim tashkilotlarida inspektor lavozimini joriy etish loyihasiga jamoatchilik qanday fikr bildirdi?

 

Ayrimlar bu talab davlat ta’lim muassasalariga ham tatbiq etilishi yoki mavjud tizim doirasida hal qilinishi kerakligini bildirgan. Shuningdek, yangi lavozimlar tadbirkorlik erkinligiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligi haqida fikrlar ham qoldirilgan.

 

Shu bilan birga, jamoatchilik muhokamasida bildirilgan fikrlar loyiha bo‘yicha yakuniy qaror qabul qilinganini anglatmaydi.

 

Ma’lumot uchun, 2025/2026-o‘quv yili boshida O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan nodavlat umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlari soni 551 taga yetgan. Bu ko‘rsatkich avvalgi o‘quv yiliga nisbatan 96 taga yoki 21,1 foizga oshgan.

 

Shuningdek, Stat.edu.uz platformasidagi 2026-yil oktyabr oyidagi ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakatda 74 ta nodavlat oliy ta’lim muassasasi mavjud. Oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan jami talabalarning 43,8 foizi nodavlat OTMlar hissasiga to‘g‘ri keladi.