Navoiy viloyatida xususiy bog‘chaga tegishli Damas avtomobilida 33 nafar bola olib ketilayotgani aniqlandi. Viloyat Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, bog‘cha mudirasi va haydovchisi avval ham shunday qoidabuzarlik uchun javobgarlikka tortilgan.
Navoiy viloyati Xatirchi tumanida xususiy bog‘chaga tegishli Damas avtomobilida 33 nafar bola olib ketilayotgani aniqlandi. Holat yuzasidan haydovchi va bog‘cha mudirasidan tushuntirish xatlari olingan.
Ma’lum qilinishicha, YHXB xodimlari avtomobilni tekshirish davomida unda 33 nafar tarbiyalanuvchi ketayotganini aniqlagan. Bog‘cha vakilining bildirishicha, bolalar uylaridan ta’lim muassasasiga olib ketilayotgan bo‘lgan.
Qayd etilishicha, bog‘cha mudirasi va haydovchisi avval ham bolalarni belgilangan me’yordan ortiq tashish qoidabuzarligi uchun javobgarlikka tortilgan. Shunga qaramay, holat yana takrorlangan.
Boshqa bir holatda esa haydovchi Damas avtomobilining old o‘rindig‘ida 4–5 yoshli ikki nafar bolani joylashtirib harakatlangani qayd etilgan.
Avvalroq, Termizda ham bir Damas’da 21 nafar bogʻcha bolasi tashilayotgani aniqlangani haqida xabar berilgandi.
