OECD xorijda tahsil olish xarajatlarini tahlil qildi. Ayrim davlatlarda talabaning bir yillik yashash xarajati 30 ming dollardan oshadi.
Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (OECD) xalqaro talabalar uchun xorijda ta’lim olish xarajatlari bo‘yicha tahlil e’lon qildi. Unda kontrakt to‘lovlari, talaba vizasi, moliyaviy ta’minotni tasdiqlash talablari hamda yashash xarajatlari o‘rganilgan.
Tashkilot ma’lumotlariga ko‘ra, xalqaro talabalar uchun xarajatlar mamlakatlar va hatto bir mamlakatning turli shaharlari o‘rtasida ham sezilarli farq qiladi. Ayrim davlatlarda universitetda o‘qish bepul yoki nisbatan arzon bo‘lishi mumkin, biroq ijara, oziq-ovqat va transport xarajatlari yuqoriligi sababli umumiy sarf katta bo‘ladi.
Talabaning bir yillik yashash xarajati qancha?
OECD hisob-kitoblariga ko‘ra, tashkilotga a’zo mamlakatlarda xalqaro talabalar uchun bir yillik yashash xarajatlari 10 ming AQSH dollaridan kam bo‘lgan yo‘nalishlardan tortib, 30 ming dollardan yuqori bo‘lgan davlatlargacha farqlanadi.
Hisobotda quyidagi holatlar qayd etilgan:
- Markaziy Yevropa mamlakatlari — talabalarning yillik yashash xarajatlari ko‘pincha 7 ming dollardan kam;
- Janubiy Koreya va Yaponiya — umumiy hisobda nisbatan hamyonbop yo‘nalishlar. Biroq Seul va Tokio shaharlarida yashash boshqa hududlarga qaraganda ancha qimmat;
- Shveysariya — xalqaro talabalar uchun yashash xarajatlari eng yuqori bo‘lgan mamlakat;
- Buyuk Britaniya — Londondan tashqarida bir yillik yashash xarajati taxminan 16 ming dollar, poytaxtda esa 20 ming dollardan ortiq;
- Avstraliya, Fransiya va Germaniya — yashash xarajatlari yuqori bo‘lgan mashhur ta’lim yo‘nalishlari qatorida.
OECD ushbu hisob-kitoblarni xalqaro talabalar uchun mo‘ljallangan rasmiy hukumat platformalaridagi ma’lumotlar asosida shakllantirgan. Summalar 2025-yil ma’lumotlariga asoslangan bo‘lib, 2025-yil dekabridagi valyuta kurslari bo‘yicha AQSH dollariga aylantirilgan.
Tashkilot ta’kidlashicha, bu raqamlar mamlakatlar bo‘yicha to‘liq standartlashtirilgan hisob-kitob emas. Chunki har bir davlat yashash xarajatlarini o‘z uslubida belgilaydi. Bundan tashqari, talabalar ko‘pincha yirik shaharlarda tahsil oladi. Bunday hududlarda ijara, transport va oziq-ovqat narxlari mamlakat bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkichlardan yuqori bo‘lishi mumkin.
Qaysi davlatlarda kontrakt to‘lovi qimmat?
OECD tahliliga ko‘ra, xalqaro talabalar uchun kontrakt to‘lovlari mamlakatlarga qarab keskin farqlanadi.
Yangi Zelandiya, Avstraliya, Kanada va AQSH xorijiy talabalar uchun nisbatan qimmat ta’lim yo‘nalishlari hisoblanadi. Ushbu mamlakatlarda magistratura yoki unga tenglashtirilgan dasturlar uchun davlat universitetlaridagi o‘rtacha yillik kontrakt to‘lovi xarid qobiliyati pariteti (PPP) bo‘yicha 20 ming dollardan oshadi.
Ayrim Yevropa mamlakatlarida esa xalqaro talabalar uchun kontrakt to‘lovlari nisbatan past. Lyuksemburg, Avstriya, Ispaniya, Italiya va Shveysariya kabi mamlakatlarda xorijiy talabalar uchun ta’lim bepul yoki arzonroq hisoblanadi.
Germaniyada aksariyat davlat oliy ta’lim muassasalari mahalliy va xorijiy talabalar uchun kontrakt to‘lovi undirmaydi. Biroq talabalar ma’muriy yig‘imlarni to‘lashi kerak. Ayrim federal hududlarda Yevropa Ittifoqi va Yevropa iqtisodiy hududiga kirmaydigan davlatlar fuqarolari uchun alohida to‘lovlar ham mavjud.
Fransiyada esa Yevropa Ittifoqi va Yevropa iqtisodiy hududiga kirmaydigan mamlakatlardan kelgan talabalar uchun magistratura bosqichidagi o‘rtacha yillik kontrakt to‘lovi xarid qobiliyati pariteti bo‘yicha taxminan 5 ming dollarni tashkil etadi.
Shu bilan birga, OECD yuqori kontrakt to‘lovi har doim ham ko‘proq xalqaro talabalarni jalb qilishni anglatmasligini qayd etadi. Universitet nufuzi, ta’lim tili, bitiruvchilarning mehnat bozoridagi imkoniyatlari va migratsiya siyosati ham talabalar tanloviga ta’sir qiladi.
Talaba vizasi uchun qancha mablag‘ kerak?
Xorijda o‘qishni rejalashtirayotgan talabalar kontrakt va yashash xarajatlaridan tashqari, viza olish uchun ham ma’lum mablag‘ni hisobga olishi kerak.
OECD tahliliga ko‘ra, 2025-yilda talaba vizasi uchun ariza to‘lovlari tashkilotga a’zo mamlakatlarda 100 dollardan 1 ming dollargacha farq qilgan. Avstraliyada ushbu to‘lov 1 ming dollardan oshgan, Buyuk Britaniyada esa qariyb 700 dollarni tashkil etgan.
Bundan tashqari, ayrim davlatlar talabalardan o‘qish davomida o‘zini moliyaviy ta’minlay olishini tasdiqlashni talab qiladi. Hisobotda 29 ta OECD mamlakati bo‘yicha o‘tkazilgan so‘rov natijalariga ko‘ra, ularning barchasida talaba vizasi yoki yashash ruxsatnomasini olish uchun yetarli moliyaviy mablag‘ mavjudligini ko‘rsatish talabi borligi qayd etilgan.
Bunday talablar mamlakatlarga qarab farqlanadi:
- Shveysariya — yiliga taxminan 25 ming dollar;
- Lyuksemburg — 20 ming dollar atrofida;
- Avstraliya — 19 ming dollar atrofida;
- Kanada, Germaniya, Niderlandiya va Buyuk Britaniya — 13–16 ming dollar;
- Yangi Zelandiya, Portugaliya, Belgiya, Irlandiya va Finlyandiya — 10–12 ming dollar;
- Fransiya, Ispaniya, Italiya, Sloveniya, Gretsiya va Chexiya — 8 ming dollardan kam.
Germaniyada, masalan, stipendiya olmagan Yevropa Ittifoqiga kirmaydigan davlatlar fuqarolarining aksariyati yiliga 11 904 yevro miqdoridagi mablag‘ni maxsus bloklangan bank hisobvarag‘iga joylashtirishi kerak.
Buyuk Britaniyada esa talabadan moliyaviy mablag‘ni viza arizasini topshirishdan oldin kamida 28 kun davomida hisobda saqlab turganini tasdiqlash talab qilinadi.
OECD ta’kidlashicha, viza uchun moliyaviy ta’minotni tasdiqlash summasi talabaning amalda sarflaydigan puli bilan bir xil emas. Bu mamlakatga kirish va o‘qish davrida o‘zini ta’minlay olish imkoniyatini ko‘rsatish uchun belgilangan minimal talabdir.
Talabalar turar joyi ham xarajatlarning katta qismini tashkil etadi
OECD hisobotida turar joy xalqaro talabalar uchun eng muhim xarajatlardan biri sifatida ko‘rsatilgan. Xorijdan kelgan talabalar ko‘pincha o‘z oilasi yoki tanishlari bilan yashash imkoniyatiga ega bo‘lmagani sababli ijara uchun ko‘proq mablag‘ sarflashiga to‘g‘ri keladi.
Tadqiqot ko‘ra, Yevropadagi xalqaro talabalarning o‘rtacha 34 foizi oylik daromadining kamida 40 foizini turar joy uchun sarflaydi. Mahalliy talabalar orasida bu ko‘rsatkich 25 foizni tashkil etadi.
Eslatib o‘tamiz, xorijga o‘qish uchun safar qilgan o‘zbekistonliklar soni 33 foizga kamaygani haqida xabar bergan edik.
