“Dastlab natijada xatolik bor deb o‘yladim”: Jizzaxda 9-sinf o‘quvchisi IELTS’dan 8 ball oldi

“Dastlab natijada xatolik bor deb o‘yladim”: Jizzaxda 9-sinf o‘quvchisi IELTS’dan 8 ball oldi

Jizzax viloyatida 9-sinf o‘quvchisi Doniyorov Zafarbek Anvarbekovich IELTS imtihonidan 8,0 ball oldi. Ingliz tilini ikki yil avval o‘rgana boshlagan o‘quvchi endilikda SAT topshirib, AQSH universitetlarida tahsil olishni maqsad qilgan.

 

Jizzax shahridagi 6-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabining 9-“D” sinf o‘quvchisi Doniyorov Zafarbek Anvarbekovich IELTS xalqaro imtihonidan 8,0 ballni qo‘lga kiritdi. Talimxabarlari.uz sayti muxbiri mazkur o‘quvchi bilan suhbatlashdi.

 

Ingliz tilini ikki yil avval o‘rgana boshlagan o‘quvchi IELTS imtihonining Listening bo‘limidan 8,5, Reading va Speaking bo‘limlaridan 8,0, Writing bo‘limidan esa 7,5 ball to‘plagan.

 

Zafarbekning Talimxabarlari.uz sayti muxbiriga ma’lum qilishicha, ingliz tilini o‘rganish yo‘li 2024-yil yozining boshlarida boshlangan. Dastlab qo‘shimcha mashg‘ulotlar orqali til o‘rganishga kirishgan o‘quvchi keyinchalik bu yo‘nalishda muntazam shug‘ullanishni davom ettirgan.

 

O‘quvchining tayyorgarlik jarayonidagi o‘ziga xos jihatlardan biri ingliz tilini faqat darsliklar orqali o‘rganish bilan cheklanmaganidir. U o‘ziga yoqqan videolar va filmlarni ingliz tilida tomosha qilib, til muhitiga kirishga harakat qilgan.

 

Asosan o‘zimga yoqqan videolar va filmlarni ingliz tilida tomosha qilganman. IELTS’ga tayyorlanayotgan vaqtimda esa menga eng ko‘p “IELTS ONE” platformasi yordam berdi. Bu saytda imtihonga tayyorgarlik uchun barcha kerakli materiallar jamlangan, — deydi Zafarbek.

 

Maktabdagi darslar va qo‘shimcha mashg‘ulotlarni birgalikda olib borish esa har doim ham oson bo‘lmagan. Shunga qaramay, u ingliz tili uchun vaqt ajratishga muvaffaq bo‘lgan.

 

Vaqtni boshqarishim o‘rtacha darajada bo‘lgan. Maktab darslari bilan band bo‘lsam ham, ingliz tili vazifalariga vaqt ajrata olganman, — ta’kidlaydi o‘quvchi.

 

Natijalar o‘smagan paytlar ham bo‘lgan

 

Har qanday tayyorgarlik jarayonida muvaffaqiyat bilan birga tushkunlik va ikkilanishlar ham uchraydi. Zafarbek uchun ham eng qiyin davr aynan shug‘ullanishiga qaramay, natijalari yuqorilamagan paytlar bo‘lgan.

 

Bunday vaziyatlarda Zafarbek o‘zini majburlab, yanada murakkab mashqlar bajarishga urinmagan. Aksincha, osonroq va o‘ziga qulay materiallardan foydalanib, ishonchini tiklashga harakat qilgan.

 

Tushkunlikka tushganimda o‘sha paytdagi ballarimni ko‘rsatib turadigan narsalar bilan shug‘ullanmaganman. Oson va qulay materiallardan foydalanib, o‘zimga bo‘lgan ishonchni yanada oshirganman, — deydi u.

 

Imtihondagi hayajon

 

IELTS kabi xalqaro imtihonlarda yuqori natija qayd etish uchun bilim bilan birga ruhiy tayyorgarlik ham muhim.

 

Imtihon paytida ozgina hayajon bo‘ldi. Lekin uni yengish uchun ko‘p harakat qilmay, shunchaki qabul qilganman. Natijada imtihon davomida ko‘p hayajonlanmadim. Javoblar haqida ko‘p o‘yladim.

 

Qizig‘i, Zafarbek imtihondan juda yuqori natija kutmagan. Uning taxminicha, o‘rtacha ball olishi mumkin edi. Natijalar e’lon qilingach esa dastlab hayratda qolgan.

 

Birinchi hissiyotim juda kuchli bo‘lgan. Natijani ko‘rganimda tizimda xatolik yuz bergan, deb o‘ylaganman. Keyin esa bu xato emasligini tushunganman, — deya eslaydi o‘quvchi.

 

“Ingliz tiliga sho‘ng‘ing..”

 

Zafarbek o‘zi kabi IELTS imtihoniga tayyorlanayotgan tengdoshlariga tilni faqat dars vaqtida o‘rganish bilan cheklanib qolmaslikni tavsiya qiladi. Uning fikricha, ingliz tilini kundalik hayotning bir qismiga aylantirish muhim.

 

Birinchi navbatda ingliz tiliga sho‘ng‘ing va til muhitiga kiring. Ustozlaringiz bergan maslahatlarni tinglab, ularga amal qiling, — maslahat beradi u.

 

Navbatdagi maqsad — AQSH universitetlari

 

IELTS’dan 8,0 olgani bilan Zafarbek bilim olishda to‘xtab qolmoqchi emas. Endilikda u matematika fanini chuqurroq o‘rganish, keyinchalik SAT imtihonini topshirishni rejalashtirgan. Asosiy maqsadi esa AQSH universitetlaridan biriga o‘qishga kirish.

 

Hozircha boshqa fanlar bilan shug‘ullanmayapman. Ammo tez orada matematika fanini o‘rganishni boshlamoqchiman. Keyingi rejam SAT imtihonini topshirish. Asosiy maqsadim — Amerika universitetlariga kirish, — deydi Zafarbek.

 

Zafarbekni o‘qishlariga muvaffaqiyat tilaymiz!

 

Agar sizda ham shu kabi natijalar bo‘lsa @talimxabarlariga_bot orqali murojaat qilishingiz mumkin.

 

Avvalroq, IELTS’dan 8,5 ball (C2) olgan jizzaxlik 10-sinf o‘quvchisi Askarova Bibisora bilan suhbatlashgan edik. Intervyuni o‘qish