Ota-onalar farzandi yashash manzili bo‘yicha qaysi maktabga biriktirilganini my.maktab.uz platformasi orqali aniqlashi mumkin. Buning uchun yashash manzili va ta’lim tilini kiritish talab etiladi.
Endilikda ushbu ma’lumotni aniqlash uchun maktabma-maktab yurish shart emas. Biriktirilgan maktab haqida ma’lumotni internet orqali olish imkoniyati mavjud.
Buning uchun my.maktab.uz rasmiy elektron platformasiga kirib, “Maktabni qidirish” bo‘limini tanlash kerak. Shundan so‘ng yashash hududi, tuman yoki shahar, mahalla, ko‘cha nomi va uy raqami ketma-ket belgilanadi.
Keyingi bosqichda ta’lim tili tanlanib, “Qidirish” tugmasi bosiladi. Natijada xaritada kiritilgan yashash manziliga biriktirilgan maktab va u haqidagi ma’lumotlar paydo bo‘ladi.
Agar yangi yashash manzilingiz bo‘yicha maktab haqidagi ma’lumot platformada mavjud bo‘lmasa, Ta’lim va ilm-fan vazirligining tegishli tuman (shahar) bo‘limiga murojaat qilishingiz mumkin.
Ota-onalar farzandingizni maktabga joylashtirishdan oldin yashash manziliga biriktirilgan ta’lim muassasasini aniqlab olishi tavsiya etiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq my.gov.uz portali orqali ota-onalar umumiy o‘rta ta’lim maktabida tahsil olayotgan farzandining o‘zlashtirish ko‘rsatkichlari hamda u ta’lim olayotgan maktab haqidagi ma’lumotlarni masofadan olishlari mumkinligi haqida xabar bergan edik.
