Endi kiberxavfsizlikka mas’ul mutaxassislar har ikki yilda malaka oshiradi

Endi kiberxavfsizlikka mas’ul mutaxassislar har ikki yilda malaka oshiradi

2026-yil 1-noyabrdan davlat tashkilotlari va ustav kapitalida davlat ulushi 50 foiz yoki undan ortiq bo‘lgan korxonalarning kiberxavfsizlikka mas’ul xodimlari har ikki yilda kamida bir marta malaka oshiradi. Malaka oshirish va qayta tayyorlash kurslari ‘‘Cyber university’’ davlat universitetida tashkil qiladi.

 

Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 28-oktyabrdagi 594-son qarori bilan davlat tashkilotlarida kiberxavfsizlikka mas’ul mutaxassislarning malakasini oshirish va ushbu sohada kadrlarni qayta tayyorlash tartibi belgilandi.

 

Unga ko‘ra, davlat organlari va tashkilotlari, shuningdek, ustav kapitalida davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan yuridik shaxslardagi kiberxavfsizlik mutaxassislarining malakasi har ikki yilda kamida bir marta oshiriladi.

 

Mazkur ta’lim jarayonini 2026-yil 1-noyabrdan ‘‘Cyber university’’ davlat universiteti tashkil etadi. Bunda mutaxassislar ikki turdagi kurslarda o‘qitiladi:

 

  • malaka oshirish kurslari — 144 soat;
  • qayta tayyorlash kurslari — kamida 576 soat.

 

Malaka oshirish kurslari xodimning asosiy ish joyidan ajralgan yoki ajralmagan holda tashkil etilishi mumkin.

 

Qayta tayyorlash kurslari esa an’anaviy va masofaviy shakllarda olib boriladi.

 

Har ikki turdagi kurslar pulli asosda tashkil etiladi. Xarajatlar xodimni o‘qishga yuborgan tashkilot yoki yuqori turuvchi organning budjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan qoplanadi.

 

Malaka oshirish kurslari yakuniy sinov imtihoni bilan tugaydi. Imtihondan muvaffaqiyatli o‘tgan tinglovchilarga sertifikat beriladi. Birinchi urinishda imtihondan o‘ta olmaganlarga yoki uzrli sabab bilan qatnasha olmaganlarga uch oy ichida bir marta qayta topshirish imkoniyati beriladi. Qayta tayyorlash kursini muvaffaqiyatli tamomlagan tinglovchilarga esa diplom beriladi.

 

Shu bilan birga, kiberxavfsizlik bo‘yicha respublikada tan olinadigan xorijiy sertifikatga ega mutaxassislar sertifikatining amal qilish muddati davomida malaka oshirish kurslariga jalb etilmaydi. Bunday sertifikatlar ro‘yxati va ularning amal qilish muddatini Raqamli texnologiyalar vazirligi tasdiqlaydi.