ID-kartani olish yoki almashtirish tartibi qanday?

ID-kartani olish yoki almashtirish tartibi qanday?

ID-kartani olish yoki almashtirish uchun arizani my.gov.uz portali orqali onlayn yuborish mumkin. Bunda 1 ish kuni ichida xizmat ko‘rsatiladi.

 

ID-kartani yangidan olish yoki almashtirish uchun arizani Davlat xizmatlari markaziga bormasdan, my.gov.uz portali yoki MyGov mobil ilovasi orqali yuborish mumkin.

 

Buning uchun my.gov.uz portali yoki MyGov ilovasiga kirib, ID-kartani olish yoki almashtirish xizmatini tanlash, elektron arizani to‘ldirish va hujjatni olib ketish uchun qulay ma’lumotlarni yig‘ish punktini ko‘rsatish kerak.

 

Ariza yuborilgach, belgilangan vaqtda tanlangan punktga shaxsan borish talab etiladi. U yerda fuqaroning fotosurati olinadi va barmoq izlari skaner qilinadi. Tayyor ID-karta ham shu punktdan beriladi.

 

Xizmat ko‘rsatish muddati — 1 ish kuni.

 

Xizmat uchun to‘lov miqdori murojaat usuliga qarab farqlanadi:

 

  • my.gov.uz portali orqali — BHMning 80,1 foizi;
  • Davlat xizmatlari markazi orqali — BHMning 89 foizi.

 

Demak, portal orqali murojaat qilinganda xizmat narxi Davlat xizmatlari markaziga nisbatan 10 foiz arzonroq bo‘ladi.

 

Shu bilan birga, xizmat to‘liq masofadan ko‘rsatilmaydi. Arizani onlayn yuborish mumkin, biroq fotosuratga tushish va barmoq izlarini topshirish uchun shaxsan borish kerak. Bunda biometrik pasport yoki ID-kartani taqdim etish lozim.

 

ID-karta yo‘qolgan bo‘lsa, nima qilish kerak?

 

Bunday holatda ham yangi ID-karta olish uchun qayta murojaat qilish mumkin. Ariza to‘ldirilayotganda hujjatni rasmiylashtirish uchun tegishli Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limi tanlanadi.

 

O‘zbekistonda doimiy yashovchi chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar esa yig‘ish punkti sifatida faqat yashash joyidagi Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limini tanlashi mumkin.