Ta’lim va ilm-fan vazirligi o‘qishni ko‘chirishda firibgarlik takliflaridan ogohlantirdi

Ta’lim va ilm-fan vazirligi o‘qishni ko‘chirishda firibgarlik takliflaridan ogohlantirdi

Ta’lim va ilm-fan vazirligi fuqarolarni o‘qishga qabul qilish va o‘qishni ko‘chirish jarayonida qonuniy tartiblarga amal qilishga chaqirdi. Vazirlik “sinovsiz 3-kursga kiritib qo‘yish” yoki hujjatlarni keyin rasmiylashtirish kabi va’dalarga ishonmaslik kerakligini eslatdi.

 

Ijtimoiy tarmoqlarda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Namangan viloyati boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir haqida xabar tarqalgandi. Unda bir shaxs fuqaroni xususiy universitetning 3-kursiga o‘qishga kiritib qo‘yishni va’da qilib, buning evaziga 18 mln so‘m talab qilgani va pulni olayotgan vaqtida qo‘lga olingani aytilgan. Mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

 

Ta’lim va ilm-fan vazirligi bunday holatlarni qoralab, fuqarolarni o‘qishga qabul qilish va o‘qishni ko‘chirish bilan bog‘liq firibgarliklardan ehtiyot bo‘lishga chaqirdi.

 

Amaldagi tartibga ko‘ra, xorijiy va nodavlat oliy ta’lim tashkilotlaridan o‘qishni ko‘chirish uchun arizalar har yili 15-iyuldan 5-avgustga qadar Bilim va malakalarni baholash agentligining maxsus elektron platformasi orqali qabul qilinadi. O‘qishni ko‘chirish Agentlik tomonidan o‘tkaziladigan maxsus sinovlar natijalariga ko‘ra amalga oshiriladi.

 

Shuningdek, nodavlat oliy ta’lim tashkilotlari qabul qilingan talabalar haqidagi buyruqlarni 1-oktyabrdan kechiktirmay HEMIS tizimida ro‘yxatdan o‘tkazishi shart. Belgilangan tartibga muvofiq, HEMIS tizimiga kiritilmagan shaxslarga diplom shakllantirilmaydi.

 

Vazirlik fuqarolarga quyidagilarni tavsiya qildi:

 

– o‘qishga qabul qilish va o‘qishni ko‘chirishda faqat belgilangan tartib hamda rasmiy platformalardan foydalanish;

– qabul qilingandan so‘ng ma’lumotlarning HEMIS tizimida ro‘yxatdan o‘tkazilganini tekshirish;

– hujjatlar va mablag‘larni vositachilarga bermaslik;

– shubhali takliflar yoki qonunbuzilish holatlari haqida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining 1253 yoki vazirlikning 1006 qisqa raqamlariga xabar berish.

 

Shuningdek, vazirlik fuqarolarni o‘qishga qabul qilish yoki o‘qishni ko‘chirishni pul evaziga, belgilangan tartiblarni chetlab o‘tgan holda hal qilib berishni va’da qilayotgan shaxslarga ishonmaslikka chaqirdi. Bunday takliflar moddiy zarar ko‘rish va qonun oldida javobgarlikka sabab bo‘lishi mumkin.