Qirg‘izistonda pensiya yoshiga yetgan o‘qituvchilarning maktablarda ishlashini tartibga solish uchun Mehnat kodeksiga o‘zgartirish kiritish taklif etilmoqda. Maktabgacha ta’lim va maktab ta’limi vaziri Dogdurkul Kendirbayeva bu masala ustida ish olib borilayotganini bildirdi.
Qirg‘izistonning Jalolobod viloyati Olo‘buqa tumani aholisi bilan uchrashuvda bir ayol yosh o‘qituvchilarga maktablarda ishlash imkoniyatini yaratish kerakligi ta’kidladi. Uning fikricha, pensiya yoshidagi pedagoglar o‘z ish joylarini bo‘shatishi lozim.
Qirg‘iziston Taʼlim va fan vaziri Dogdurkul Kendirbayeva prezident Sadir Japarovga ma’lum qilishicha, o‘qituvchilarning ish haqi oshirilganidan keyin ta’lim muassasalarida ishlash uchun raqobat kuchaygan. Uning ta’kidlashicha, hozirda o‘qituvchilarga bo‘lgan ehtiyoj to‘liq qoplangan.
Biroq amaldagi Mehnat kodeksi pensiya yoshidagi o‘qituvchilarni faqat yoshiga qarab ishdan bo‘shatishga imkon bermaydi. Vazirning aytishicha, 68–70 yoshda ham ishlayotgan pedagoglar bor. Ayrim hollarda ishdan bo‘shatilgan o‘qituvchilar sud qarori bilan yana ishga tiklangan.
Vazir bu masalani tartibga solish uchun Mehnat kodeksiga o‘zgartirish kiritish zarurligini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, vazirlik hozirda tegishli o‘zgarishlar ustida ishlamoqda.
Bu masala jamoatchilikda turli fikrlarni keltirib chiqardi. Ayrimlar yosh mutaxassislarga ish o‘rinlarini bo‘shatish kerakligini ta’kidlasa, boshqalar tajribali o‘qituvchilarning maktablarda qolishi muhimligini bildirmoqda.
Qirg‘izistonlik o‘qituvchilardan biri katta yoshli hamkasblarini himoya qilib, ularning tajribasi yosh mutaxassislarga kasbni o‘rganishda yordam berishini qayd etgan. Shuningdek, u pedagogika oliygohlari bitiruvchilarining tayyorgarligi va 8-sinflar uchun rus tili hamda adabiyoti darsliklari yetishmasligi kabi muammolarga e’tibor qaratgan.
Uning fikricha, ish o‘rinlarini bo‘shatish masalasini muhokama qilishdan oldin munosib pensiya ta’minoti, ta’lim sifati va maktablarni o‘quv materiallari bilan ta’minlash muammolarini hal etish lozim.
Ma’lumot uchun, Qirg‘izistonda yoshga doir pensiya ayollarga 58 yoshdan, erkaklarga esa 63 yoshdan tayinlanadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda 2028-yildan pensiya yoshini har yili 3 oyga oshirib borish va 2039-yilda erkaklar uchun 63 yosh, ayollar uchun 58 yosh etib belgilash taklif qilinayotgani haqida xabar bergan edik.
