Tibbiyot oliygohlari talabalari kelasi yildan haftasiga uch kun amaliyot o‘taydi

Tibbiyot oliygohlari talabalari kelasi yildan haftasiga uch kun amaliyot o‘taydi

Prezident Shavkat Mirziyoyev tibbiyot kadrlarini tayyorlash tizimini klinik amaliyot bilan bog‘lash zarurligini ta’kidladi. Kelasi yildan talabalar haftada uch kun bemorlar bilan ishlashni o‘rganadi, ayrim tibbiyot xodimlariga esa 1,5 million so‘mdan 5,5 million so‘mgacha qo‘shimcha ustama to‘lanadi.

 

Bugun, 27-oktyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Ko‘ksaroy qarorgohida sog‘liqni saqlash va farmatsevtika sohasi xodimlari bilan uchrashuv o‘tkazmoqda.

 

Davlat rahbari dastlab soha xodimlarini yaqinlashib kelayotgan kasb bayrami bilan tabriklab, ularning mehnati uchun minnatdorlik bildirdi.

 

Uchrashuvda tibbiyot tizimida malakali kadrlar tayyorlash masalasiga alohida e’tibor qaratildi.

 

‘‘Qancha zamonaviy klinikalar qurmaylik, eng so‘nggi uskunalarni olib bermaylik, malakali xodimlarsiz natija bo‘lmaydi’’, — dedi Prezident.

 

Qayd etilishicha, hozirda 11 ta davlat oliygohida yiliga 15 ming nafar shifokor tayyorlanadi. Biroq bitiruvchilarning barchasi ham ish boshlagan birinchi kunidanoq bemorlar bilan ishlashga tayyor emas.

 

‘‘Boshqa sohada yosh xodim xato qilishi mumkin, ammo bo‘lg‘usi shifokorning bunga haqqi yo‘q. Chunki tibbiyot xodimining har bir harakati ortida inson hayoti turibdi’’ — deya ta’kidladi davlat rahbari.

 

Shu bois kadrlar tayyorlash jarayoni klinik amaliyot bilan bog‘lanadi. Kelasi yildan talabalar haftada uch kun bemorlar bilan ishlashni o‘rganadi, bitiruvchilar esa oxirgi o‘quv yilida to‘liq tibbiyot muassasasida amaliyot o‘taydi.

 

Uchrashuvda tibbiyot xodimlariga to‘lanadigan qo‘shimcha ustamalar haqida ham ma’lum qilindi. Unga ko‘ra, bakalavriatni bitirgan hamshira va tibbiyot og‘asiga 1,5 million so‘m, magistraturani tugatganlarga 2,5 million so‘m qo‘shimcha ustama to‘lanadi. Oilaviy shifokorlik bo‘yicha tor soha mutaxassisiga ustama 5,5 million so‘m bo‘ladi.

 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2027-yildan tibbiyot oliygohlarida rezidentura bepul bo‘lishi haqida xabar berilgan edi.