Angliyaning Cheshir grafligida yashovchi 16 yoshli Patrik Makkeyb miya falajiga qaramay, ko‘z harakatlarini kuzatuvchi texnologiya yordamida yettita yakuniy imtihonni topshirdi. U imtihonlarga tayyorlanish va ularni topshirish uchun besh oy vaqt sarfladi.
Patrik Makkeyb Angliyaning Maklsfild shahridagi Fallibroome akademiyasida tahsil oladi. Miya falaji sababli uning harakatlanishi va odatiy usulda yozishi ilojsiz. Shu bois u savollarga javob berish va muloqot qilishda ko‘z harakatlarini kuzatuvchi maxsus texnologiyadan foydalanadi.
O‘smir yettita GCSE imtihonini 2026-yil fevralidan iyunigacha topshirdi. GCSE — Angliyada odatda 16 yosh atrofidagi o‘quvchilar topshiradigan umumiy o‘rta ta’lim yakuniy imtihonlari hisoblanadi.
Patrik uchun imtihon jarayoni boshqa o‘quvchilarnikiga qaraganda ancha uzoq va murakkab kechdi. Ayrim savollarga javob berish uchun bir necha soat vaqt sarflashiga to‘g‘ri keldi. Masalan, 30 ballik murakkab savolni bajarish olti soatgacha davom etgan.
Ko‘z harakatlarini kuzatuvchi qurilma maxsus kamera va infraqizil yorug‘lik yordamida foydalanuvchining nigohini aniqlaydi. Shu orqali inson kompyuterdagi harflar, belgilar va buyruqlarni ko‘zlari bilan tanlashi mumkin. Patrik ham ushbu texnologiya yordamida imtihon savollariga javoblarini kiritgan.
Biroq texnologiyadan foydalanish barcha qiyinchiliklarni bartaraf etmagan. Jumladan, matematika imtihonida o‘smir hisob-kitoblarning oraliq bosqichlarini odatdagidek qog‘ozga yozib ko‘rsata olmagan. Shu sababli ayrim hisoblarni avval xayolida bajarib, keyin javoblarini qurilma orqali kiritishiga to‘g‘ri kelgan.
Uning mehnati munosib natija berdi
Patrik imtihonlarni tugatganida maktabdagi o‘qituvchilari va do‘stlari uni olqishlab kutib olishdi. U dastlab bu e’tibordan uyalganini, keyinchalik esa ularning qo‘llab-quvvatlashidan xursand bo‘lganini aytgan.
O‘smirning onasi Jo Makkeyb o‘g‘lining sabr-toqati va qat’iyatidan faxrlanishini bildirgan. Uning ta’kidlashicha, Patrik uzoq davom etgan imtihon jarayonida har kuni katta kuch sarflagan va qiyinchiliklarga qaramay, ishni davom ettirgan.
Patrik yettita imtihonni muvaffaqiyatli topshirib, keyingi bosqichda ta’limini davom ettirish uchun zarur natijalarga erishdi. Hozir u fransuz tili, biznes va media yo‘nalishlarida A-level dasturi bo‘yicha tahsil olmoqda.
Patrikning kelajak rejalari ham aniq. U A-level imtihonlarini topshirgach, universitetda media yo‘nalishida o‘qimoqchi. “Bu soha menga juda qiziq. Kelajakda shu sohada ishlashni istayman”, — deydi u.
Onasi unga uylariga yaqinroq joylashgan Salford universitetida o‘qishni taklif qilmoqda. Patrik esa qariyb 320 kilometr uzoqlikdagi Bornmut shahrida tahsil olish imkoniyatini ko‘rib chiqyapti.
Uydan uzoqda yashash va o‘qish uni xavotirga solmayaptimi? Aksincha, Patrik bu yangi tajribani intiqlik bilan kutmoqda. “Bu tajribani boshdan kechirishdan hayajondaman”, — deydi u.
