“Kelinlarim va o‘g‘illarim yordam berishdi” — Andijonda 68 yoshli onaxon bakalavr diplomini oldi

“Kelinlarim va o‘g‘illarim yordam berishdi” — Andijonda 68 yoshli onaxon bakalavr diplomini oldi

Farida Hoshimova 63 yoshida talaba bo‘ldi. Besh yil davomida kontrakt asosida tahsil olgan Farida aya 68 yoshida bakalavr diplomini qo‘lga kiritdi.

 

Andijon viloyatining Jalaquduq tumanida yashovchi Farida Hoshimova 68 yoshida bakalavr diplomini oldi. Bu haqda Mushtum jurnali ma’lum qildi.

 

Farida Hoshimova 2021-yilda 63 yoshida Andijon davlat pedagogika institutiga 142 ball bilan o‘qishga kirgan. U besh yillik tahsildan so‘ng, 2026-yilda oliy ma’lumotli bo‘ldi.

 

Ayni vaqtda Farida Hoshimova Jalaquduq tumanidagi 12-maktabda musiqa fanidan dars berib kelmoqda.

 

Farida ayaning aytishicha, u mehnat faoliyatini maktabgacha ta’lim muassasasida boshlagan. 1983-yildan boshlab bog‘chada musiqa tarbiyachisi bo‘lib ishlagan.

 

“2021-yilda xususiy bog‘chada ishlab yurgan vaqtimda bog‘cha mudirasi o‘rnimga oliy ma’lumotli tarbiyachi ishga olinayotganini aytdi. Uyga kelib, turmush o‘rtog‘imga o‘qimoqchi ekanimni aytdim. Keyin Andijon davlat pedagogika institutiga onlayn imtihon topshirdim va muvaffaqiyatli o‘tdim. 142 ball bilan, 63 yoshimda talaba bo‘ldim.

 

Besh yil davomida kontrakt asosida o‘qigan bo‘lsam-da, hech qachon nolimadim va ortga chekinmadim. Turmush o‘rtog‘im, o‘g‘illarim va kelinlarim menga yaqindan yordam berishdi. Nihoyat, 2026-yilda yorug‘ yuz bilan bakalavr diplomini qo‘limga oldim.

 

Yoshlarga ilm olish hech qachon kech emasligini aytgan bo‘lardim”, — deydi Farida aya.

 

O‘tgan yilda 67 yoshida talaba bo’lgan Sohibjon Yo‘ldoshev bilan qisqacha suhbatni e’tiboringizga havola etgan edik.