Jizzax viloyati Baxmal tumanidagi 32-maktabning 11-sinf o‘quvchisi bir nechta sertifikatlarni qo‘lga kiritdi. Hozirda u xorijdagi nufuzli universitetlarga hujjat topshirishga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Talimxabarlari.uz muxbiri bilan suhbatda o‘quvchi imtihonlarga tayyorgarlik jarayoni va kelgusi rejalari haqida so‘zlab berdi.
Jizzax viloyati Baxmal tumanidagi 32-maktabning 11-sinf o‘quvchisi To‘xtayev Zoxidjon Sherzod o‘g‘li matematika fanidan A darajali milliy sertifikat, ingliz tilidan CEFR B2 va SAT imtihonidan 1430 ball oldi.
Zoxidjonning Talimxabarlari.uz muxbiriga ma’lum qilishicha, u ingliz tilini 7-sinfdan o‘rgana boshlagan. Dastlab bu tilga unchalik jiddiy yondashmagan bo‘lsa-da, vaqt o‘tishi bilan ingliz tili shunchaki maktabdagi fan emas, balki kelajakdagi imkoniyatlarini kengaytiruvchi muhim vosita ekanini tushungan.
SAT va CEFR imtihonlarini topshirish fikri esa xorijiy universitetlar, grantlar va xalqaro ta’lim imkoniyatlariga qiziqishi ortganidan keyin paydo bo‘lgan.
Meni bunga hech kim majburlamagan. Shunchaki, o‘z oldimga katta maqsadlar qo‘yganman va ularga erishish uchun harakat qilishim kerakligini anglaganman. Har bir sertifikatga tayyorgarlik davomiyligi har xil bo‘lgan. Chunki hammasi boshlang‘ich bilim darajasiga bog‘liq, — deydi u.
Matematika bo‘yicha oldindan yaxshi bilimga ega bo‘lgani sababli Zoxidjon milliy sertifikat imtihoniga mustaqil tayyorlangan. Bir necha oy davomida turli kanallarda berilgan testlarni ishlab, bilimlarini mustahkamlagan.
Ingliz tilidan esa umumiy bilimlari yaxshi bo‘lgani uchun CEFR imtihoniga bir oy tayyorgarlik ko‘rgan. Biroq ingliz tilini o‘rganish bundan ancha oldin boshlangan.
Har kuni mukammal reja bo‘lishi shart emas
Maktabdagi darslar va imtihonlarga tayyorgarlikni birga olib borish har doim ham oson bo‘lmagan. Ayniqsa, bir vaqtning o‘zida bir nechta fandan tayyorlanish unga vaqtni to‘g‘ri taqsimlashni o‘rgatgan.
Odatda maktabdan keyin biroz dam olib, asosiy vaqtini tayyorgarlikka ajratgan. Kun davomida ikki-uchta muhim vazifani bajarishni maqsad qilgan.
Har kuni hammasi reja bo‘yicha ketmagan. Ba’zan rejam buzilgan, ba’zan charchaganman. Lekin bir kunim yaxshi o‘tmagani uchun butun haftani bekorga sarflamaslikka harakat qilganman, — deydi o‘quvchi.
Uning fikricha, vaqtni boshqarish kunning har bir daqiqasini darsga sarflash degani emas. Muhimi, o‘qish, dam olish va shaxsiy hayot o‘rtasida muvozanat topish.
SAT imtihoniga tayyorgarlikda Zoxidjon asosan Khan Academy, College Board’ning Bluebook platformasi va turli sinov testlaridan foydalangan. Ingliz tilini o‘rganishda esa YouTube, ingliz tilidagi maqolalar, kitoblar va tinglab tushunish materiallari yordam bergan.
U tayyorgarlik jarayonida manbalarni to‘g‘ri tanlash ham muhimligini anglagan.
Manbalarning ko‘pligi har doim ham yaxshi natija degani emas. Ba’zan o‘quvchilar o‘qishdan ko‘ra yangi resurslarni qidirishga ko‘proq vaqt sarflashadi. Shuning uchun bir nechta ishonchli manbani tanlab, ulardan muntazam foydalanishga harakat qilganman, — ta’kidlaydi u.
Tayyorgarlik davomida duch kelgan eng katta qiyinchiliklardan biri natijalar har doim ham kutilganidek bo‘lmagani edi.
Masalan, bir hafta juda yaxshi tayyorlanib, practice testda oldingisidan pastroq ball olgan paytlarim ham bo‘lgan. Shunda odam o‘ziga savol beradi: Shuncha harakat qilyapman, nega natija ko‘rinmayapti?
SAT imtihonida, ayniqsa, Reading and Writing bo‘limidagi vaqt bosimi qiyinchilik tug‘dirgan. Matematikada esa oddiy e’tiborsizlik sababli xato qilish muammo bo‘lgan.
O‘zingni boshqalar bilan solishtirish ham katta muammo. Kimdir yuqori ball olganini ko‘rsang, beixtiyor o‘zingni ortda qolgandek his qilasan. Keyinchalik har kimning boshlang‘ich nuqtasi va rivojlanish tezligi har xil ekanini tushunganman. Menimcha, motivatsiya doimiy bo‘lmaydi. Ba’zan juda katta ishtiyoq bilan o‘qiysan, ba’zan esa umuman kitob ochging kelmaydi.
“..intizomga ko‘proq ishonishni o‘rgandim”
Motivatsiya pasaygan paytlarda esa uzoq soatlab o‘qishga o‘zini majburlash o‘rniga, kichik vazifalardan boshlashga harakat qilgan. Masalan, o‘nta savol ishlash yoki 20 daqiqa davomida matn o‘qish orqali tayyorgarlikni davom ettirgan.
Ko‘pincha boshlashning o‘zi eng qiyin qism bo‘lgan. Chet elda o‘qish, yaxshi universitetga kirish va o‘z imkoniyatlarimni kengaytirish haqidagi maqsadlarim menga davom etish uchun kuch bergan. Motivatsiyadan ko‘ra intizomga ko‘proq ishonishni o‘rgandim, — deydi Zoxidjon.
Imtihon kunlari ham hayajon bo‘lishi tabiiy. U bunday vaziyatlarda bu imtihon hayotidagi yagona imkoniyat emasligini o‘ziga eslatgan. Imtihondan oldin yangi mavzularni o‘rganishdan ko‘ra, avvalgi bilimlarini takrorlash va yaxshi uxlashga e’tibor bergan. Imtihon davomida esa bitta qiyin savolga ortiqcha vaqt sarflamaslikka harakat qilgan.
Natijani kutish esa ba’zan imtihonning o‘zidan ham qiyinroq tuyulgan. Chunki o‘sha paytda hech narsani o‘zgartira olmaysan. Faqat kutasan. Shuning uchun natija chiqmaguncha boshqa ishlar bilan shug‘ullanib, fikrimni chalg‘itishga harakat qilganman.
O‘quvchi sertifikat olgandagi holatlarni esga olar ekan, bir necha vaqt davomida qilgan mehnatlarining mevasini ko‘rganida birinchi o‘rinda yengillikni his qilgan. Chunki uning uchun to‘plagan ballari shunchaki raqam emas, balki ko‘plab urinishlar, xatolar va mehnatning natijasi bo‘lgan.
Eng yoqimli tuyg‘u qilgan mehnatim bekorga ketmaganini anglash edi. Albatta, yaxshi natija quvontiradi. Lekin men uchun eng katta yutuq tayyorgarlik jarayonida olgan bilimlarim va shakllangan intizomim bo‘lgan, — deydi u.
SAT imtihoniga tayyorlanayotgan tengdoshlariga esa natijaga erishish uchun testlarni muntazam ishlash bilan birga, xatolarni tahlil qilishni ham tavsiya etadi. Uning fikricha, faqat sinov testida to‘plangan ballga qarash yetarli emas. Muhimi, nima sababdan xato qilinganini tushunish va bu xatolarni takrorlamaslikdir.
Matematikani yaxshi biladigan o‘quvchilar ham SAT Math bo‘limini e’tiborsiz qoldirmasligi kerak. Chunki oddiy savollarda ham diqqat yetishmasligi sababli ball yo‘qotish mumkin. Reading and Writing bo‘limlarida esa lug‘at boyligi va matnni tushunish ko‘nikmalari muhim. Shu sababli ingliz tilidagi ilmiy maqolalarni o‘qish foydali bo‘lishi mumkin.
Eng muhimi, birinchi ‘‘practice’’ testingizdagi ball sizning maksimal imkoniyatingizni belgilamaydi. Muhimi, boshlang‘ich natijangiz emas, undan keyin qanday rivojlanishingiz, — deydi u.
Zoxidjonning asosiy maqsadlaridan biri xorijdagi nufuzli universitetlarda grant asosida tahsil olish. Ayniqsa, AQShdagi universitetlar uni qiziqtiradi. U yerdagi ta’lim tizimi, ilmiy tadqiqot imkoniyatlari va xalqaro muhit uning e’tiborini tortgan.
Shu bilan birga, u universitet tanlashda faqat reytingga qarab ish tutmoqchi emas. Akademik muhit, tanlangan yo‘nalish bo‘yicha imkoniyatlar va moliyaviy yordam masalalarini ham muhim deb hisoblaydi.
Hozirda u universitetlarga hujjat topshirishga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Uning aytishicha, hujjatlarni yuborish muddatigacha taxminan ikki oy vaqt qolgan va shu sababli arizalarini yanada yaxshilash ustida ishlamoqda.
SAT va boshqa sertifikatlar esa Zoxidjon uchun katta maqsad sari tashlangan qadamlardan biridir. Oldinda uni universitet tanlash, hujjat topshirish va xorijda ta’lim olish yo‘lidagi yangi bosqich kutmoqda.
Zoxidjonni o‘qishlariga muvaffaqiyat tilab qolamiz!
Agar sizda ham shu kabi natijalar bo‘lsa @talimxabarlariga_bot orqali murojaat qilishingiz mumkin.
Avvalroq, SAT 1400, CEFR B2 hamda matematika B natijali sertifikatlarni qo‘lga kiritgan samarqandlik 11-sinf o‘quvchisi bilan suhbatlashgan edik.
