Ijtimoiy himoya milliy agentligi tizimidagi ta’lim muassasalarining ayrim xodimlariga ish stajiga qarab lavozim maoshining 120 foizigacha har oylik ustama to‘lash taklif etilmoqda. Bu haqdagi buyruq loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.
Muhokamalar portaliga “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi tizimidagi ta’lim muassasalarning ayrim lavozimlari uchun mehnatga haq to‘lash shartlarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi buyruq loyihasi jamoatchilik muhokamasi uchun joylashtirildi.
Loyihaga ko‘ra, agentlik tizimidagi ta’lim muassasalarida faoliyat yurituvchi bosh hisobchi, hisobchi, yetakchi hisobchi va kadrlar bo‘yicha inspektorlar uchun tarif razryadlari belgilanadi.
Xususan, bosh hisobchilar uchun 14-tarif razryadi, hisobchilar, yetakchi hisobchilar va kadrlar bo‘yicha inspektorlar uchun esa 12-tarif razryadi nazarda tutilgan.
Shuningdek, mazkur xodimlarga ish stajiga qarab har oylik ustamalar to‘lash taklif etilmoqda. Ustama miqdori xodimning lavozim maoshiga nisbatan quyidagicha belgilanadi:
- 1 yildan 3 yilgacha — 30 foiz;
- 3 yildan 5 yilgacha — 60 foiz;
- 5 yildan 10 yilgacha — 80 foiz;
- 10 yildan 15 yilgacha — 100 foiz;
- 15 yil va undan yuqori — 120 foiz.
Ustamalar davlat budjeti mablag‘lari hisobidan har oy to‘lanishi belgilangan.
Loyihada ish stajini hisoblashda xodimning mehnat daftarchasi, shu jumladan elektron mehnat daftarchasida qayd etilgan davlat va nodavlat tashkilotlaridagi jami mehnat faoliyati davrlari inobatga olinishi ko‘zda tutilgan.
Bundan tashqari, amaldagi qonunchilik hujjatlarida muayyan lavozimlar uchun yuqoriroq tarif razryadlari belgilangan bo‘lsa, ish haqi va ustamalar shu yuqoriroq razryadlar hamda miqdorlar asosida to‘lanishi nazarda tutilgan.
Avvalroq, muhokamalar portaliga “Oliy taʼlimning davlat taʼlim standarti. Oliy taʼlim yoʻnalishlari va mutaxassisliklari klassifikatorining ilovasiga qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida” gi loyiha jamoatchilik muhokamasi uchun joylashtirilgani haqida xabar berilgandi.
