Madaniyat va sanʼat sohasida xususiy sektor ishtirokini kuchaytirish uchun tanlov asosida grantlar ajratish taklif etilmoqda. Nizom loyihasiga ko‘ra, teatr, kino, animatsiya va madaniyat ta’limi sohasidagi loyihalar uchun 1,5 milliard so‘mgacha mablag‘ yo‘naltirilishi mumkin.
Muhokamalar portaliga “Madaniyat va sanʼat sohasida nodavlat va xususiy sektor ishtirokini kuchaytirish uchun tanlov asosida grantlar ajratish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida” buyruq loyihasi jamoatchilik muhokamasi uchun joylashtirildi.
Unga ko‘ra, tanlov har yili kamida bir marta ishchi organning taklifiga asosan tanlov komissiyasi tomonidan belgilanadigan muddatlarda quyidagi yoʻnalishlarda oʻtkaziladi:
- teatr, sirk, musiqa, raqs, nomoddiy madaniy meros, kino va animatsiya hamda madaniyat taʼlimi sohasidagi loyihalarga – 1,5 milliard soʻmgacha;
- adabiy asarlar yaratish, madaniyat sohasida inklyuzivlik va ijtimoiy yoʻnalishlarga – 1 milliard soʻmgacha;
- startap va ijodiy loyihalarni qoʻllab-quvvatlashga – 1 milliard soʻmgacha;
- innovatsiyalar, sunʼiy intellekt va raqamlashtirishga – 1 milliard soʻmgacha.
Madaniyat va sanʼat sohasida nodavlat va xususiy sektor ishtirokini kuchaytirish uchun grant mablagʻlarini ajratish boʻyicha tanlovni tashkil etish mazkur Nizomga muvofiq 5 bosqichda tashkil etiladi.
Tanlovda kimlar ishtirok etishi mumkin?
Loyiha talablariga koʻra, tanlovda maxsus platformada OneID orqali roʻyxatdan oʻtgan quyidagi shaxslar ishtirok etishi mumkin:
- Oʻzbekiston rezidenti (fuqarosi) boʻlgan nodavlat yuridik shaxslar, jumladan, nodavlat notijorat tashkilotlari;
- yakka tartibdagi tadbirkorlar va oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar;
- ariza topshirish kunida 18 yoshga toʻlgan Oʻzbekiston fuqarolari hamda ulardan tashkil topgan ijodiy jamoalar.
Har bir ishtirokchi faqat bitta yoʻnalish boʻyicha ariza topshirishi mumkin. Tanlovda qatnashish uchun toʻlov undirilmaydi.
Tanlovdan chetlashtirilishi mumkin bo‘lgan holatlar
Ishtirokchilar tomonidan quyidagi xatti-harakatlar amalga oshirilganligi aniqlansa, ular tanlovdan chetlashtiriladi:
- tanlov komissiyasi va ishchi organ faoliyatiga aralashsa (xalaqit qilsa);
- tanlov doirasida arizada koʻrsatilmagan, yaʼni ishtirokchi jamoaning aʼzosi boʻlmagan shaxslarni jalb qilsa;
- tanlov doirasida notoʻgʻri maʼlumotlar taqdim etsa;
- oʻz xohishi bilan tanlovda ishtirok etishni davom ettirishdan voz kechsa;
- tanlov doirasida Oʻzbekiston Respublikasi qonunchilik hujjatlariga zid xatti-harakatlar aniqlansa;
- aynan shu loyiha uchun Davlat byudjeti hisobidan boshqa grant yoki moliyaviy koʻmak olgan boʻlsa;
- boshqa shaxslarning asarlaridan yoki intellektual mulk obyektlaridan qonunchilikni buzgan holda foydalanganligi aniqlansa;
- tanlov shartlarini buzsa va mazkur Nizom talablariga rioya qilinmasa.
Ishchi organ ishtirokchilarni tanlovdan chetlashtirish boʻyicha tanlov komissiyasiga taklif kiritadi. Tanlov komissiyasining ishtirokchilarni tanlovdan chetlashtirish toʻgʻrisidagi qarori qabul qilinadi va qaror qabul qilingandan keyin ishtirokchining elektron pochta manziliga xabar (platformadagi shaxsiy kabinetiga xabarnoma) yuboriladi.
Grantlar qanday taqsimlanadi?
Loyihalar tanlov komissiyasi tomonidan baholanadi. Har bir loyiha boʻyicha yakuniy ball komissiya aʼzolari qoʻygan ballarning oʻrtacha arifmetik qiymati asosida hisoblanadi.
Har bir yoʻnalish boʻyicha loyihalar reytingi shakllantiriladi. 100 balldan kamida 60 ball toʻplagan loyihalar reytingdagi oʻrniga va tanlov uchun ajratilgan mablagʻlar doirasiga qarab moliyalashtirishga tavsiya etiladi.
Agar loyihalar bir xil ball toʻplasa, grant sovrindori tanlov komissiyasining ochiq ovoz berishi orqali aniqlanadi.
Har bir ishtirokchi maxsus platformadagi shaxsiy kabineti orqali oʻz loyihasi boʻyicha toʻplangan ballar va tanlov komissiyasining xulosalari bilan tanishish imkoniyatiga ega.
Natijalardan norozi boʻlganlar apellyatsiya berishi mumkin
Tanlov natijalaridan norozi boʻlgan ishtirokchilar natijalar eʼlon qilingan kundan boshlab bir ish kuni ichida Apellyatsiya komissiyasiga yozma shikoyat bilan murojaat qilishi mumkin.
Apellyatsiya komissiyasi murojaatni kelib tushgan kundan boshlab bir ish kuni ichida koʻrib chiqadi. Zarur hollarda murojaat muallifi, tanlov komissiyasi va tanlovning boshqa subyektlarining fikri ham eshitiladi.
Grant sovrindorlari eʼlon qilingan kundan boshlab 10 ish kuni ichida ishchi organ va gʻolib oʻrtasida grant shartnomasi tuziladi.
