Pokistonning shimoli-g‘arbida joylashgan Peshavar shahridagi xususiy maktab tomi qulab tushdi. Hodisa oqibatida qurbon bo‘lganlar va jiddiy jarohatlanganlar bor.
Associated Press (AP) agentligining xabar berishicha, hodisa payshanba kuni Xaybar-Paxtunxva viloyati markazi Peshavarda sodir bo‘lgan.
Viloyat favqulodda vaziyatlar xizmati matbuot kotibi Bilol Fayziyning ma’lum qilishicha, bir nechta bola vayronalar ostida qolib ketgan. Qutqaruvchilar ularni olib chiqish va jabrlanganlarga yordam ko‘rsatish uchun hodisa joyida ish olib borgan. Hodisa oqibatida 17 ta o‘quvchi va bitta o‘qituvchi halok bo‘lgan. O‘ttizdan ortiq kishi jarohatlangan.
Shifoxona vakili Muhammad Osim ham qurbonlar va jarohatlanganlar borligini tasdiqlagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, ayrim jabrlanganlarning ahvoli og‘ir.
Pokistonda binolarning qulab tushishi bilan bog‘liq hodisalar vaqti-vaqti bilan kuzatiladi. Bunga qurilish me’yorlariga rioya etilmasligi, sifatsiz materiallardan foydalanish hamda xavfsizlik talablarining yetarlicha nazorat qilinmasligi sabab bo‘lishi mumkin.
Avvalroq, Istanbulda kuchli yomg‘ir: maktablarda darslar bekor qilingani haqida xabar bergan edik.
