Millioner yozuvchi — o‘zbek bolalar yozuvchisi kitoblari sotuvidan bir oyda 238 million so‘m daromad qildi

Millioner yozuvchi — o‘zbek bolalar yozuvchisi kitoblari sotuvidan bir oyda  238 million so‘m daromad qildi

O‘zbek bolalar yozuvchisining asari bir oyda 7 ming nusxadan ko‘proq sotildi va yozuvchi asarlari savdosidan 238 million so‘m daromad oldi.

 

O‘zbek bolalar yozuvchisi Sa’dullo Quronov uch qismdan iborat “Galaktikada bir kun” asari savdosidan bir oyda 238 million so‘m daromad oldi. Bu haqda “Qamar” kitoblar do‘koni o‘z ijtimoiy sahifasida xabar berdi.

 

“Galaktikada bir kun” ilmiy-fantastik trilogiyasi uch qismdan iborat bo‘lib, muallif asarni 2016-yilda yozishga kirishgan, 2019-yil boshlarida ilk bor nashr etilib, sotuvga chiqqan. Roman shu paytgacha o‘n martadan ko’proq qayta nashr qilingan.

 

Muallifning aytishicha, dastlab asar keng ko‘lamli targ‘ibotlarsiz, asta-sekin o‘quvchilar mehrini qozongan. Keyinchalik uning ayrim parchalari 5–6-sinf adabiyot darsliklariga kiritilishi, shuningdek, “Yosh kitobxon” ko‘rik-tanlovining majburiy o‘qilishi kerak bo‘lgan asarlar ro‘yxatidan joy olishi kitobxonlar doirasini yanada kengaytirgan.

 

Trilogiyaning yana bir muhim jihati shundaki, birinchi qismni o‘qigan bolalar voqealar davomini bilish uchun keyingi kitoblarni ham intiqlik bilan kutadi. Shu tariqa asar atrofida o‘ziga xos kitobxonlar auditoriyasi shakllangan.

 

“Qamar” kitoblar do‘koni tarmog‘i statistikasiga ko‘ra, “Galaktikada bir kun” kitoblari bir oy ichida 7 220 nusxada sotilgan. Do‘kon vakillari bu ko‘rsatkichni o‘zbek mualliflari asarlari orasidagi rekord natijalardan biri sifatida baholagan. Ilgari bunday yuqori savdo ko‘rsatkichlari, asosan, xorijiy adabiyot namunalari va turk adabiyotidan qilingan tarjimalar hissasiga to‘g‘ri kelar edi. Mazkur natija o‘zbek tilidagi bolalar kitobiga talab mavjudligini ko‘rsatadi.