Yangi vazir kunning ikkinchi qismida sobiq MMTV binosida yig‘ilish o‘tkazdi

Yangi vazir kunning ikkinchi qismida sobiq MMTV binosida yig‘ilish o‘tkazdi

Bugun ertalab Ta’lim va ilm-fan vaziri Erkinjon Turdimovning sobiq Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi binosida vazirlik tizimidagi xodimlar bilan uchrashuv o‘tkazgani haqida xabar bergan edik.

 

Kunning ikkinchi qismida E.Turdimov sobiq Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi binosiga tashrif buyurib, u yerda ham vazirlik xodimlarining yana bir qismi bilan uchrashuv o‘tkazdi.

 

Muloqot davomida maktabgacha va maktab ta’limi sifatini yangi bosqichga olib chiqish, ta’lim jarayoniga ilg‘or pedagogik yondashuvlarni keng joriy etish, shuningdek, rahbar va pedagog xodimlarning kasbiy mahorati hamda kompetensiyalarini izchil rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

 

Shu bilan birga, sohada amalga oshirilayotgan strategik dasturlar ijrosi tahlil qilinib, belgilangan maqsadlarga erishish, mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish va har bir yo‘nalishda aniq natijadorlikni ta’minlashga qaratilgan ustuvor vazifalar belgilab olindi.

 

Erkinjon Turdimov ta’lim tizimida uchrayotgan muammolarni tizimli ravishda o‘rganish, ularning sabablarini chuqur tahlil qilish hamda samarali va amaliy yechimlarni ishlab chiqish muhimligini alohida ta’kidladi.

 

Ma’lumot uchun, yangi Ta’lim va ilm-fan vazirligining tuzilmasi hozircha tasdiqlangani yo‘q. Bu tuzilmani ishlab chiqish tadbirkor Zafar Hoshimov rahbarligidagi ishchi guruhga topshirilgan edi. Shuningdek, ushbu guruh ish jarayonlarini qayta ko‘rib chiqadi va ta’lim islohotlarining umumiy strategiyasini belgilaydi.