Erkinjon Turdimov ta’lim tizimidagi muammolarni hal etish bo‘yicha amaliy yechimlar ishlab chiqish, ta’lim sifatini oshirish va o‘quvchi, talaba hamda pedagoglar hayotida ijobiy o‘zgarishlarga erishish zarurligini ta’kidladi.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari — ta’lim va ilm-fan vaziri Erkinjon Turdimov vazirlik tizimi xodimlari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqida vazir o‘z telegram kanalida ma’lum qildi.
Muloqotda yoshlar, o‘quvchi va talabalarni qiynayotgan muammolarni o‘rganish, ta’lim sifatini oshirish hamda ta’lim oluvchilar uchun munosib sharoit yaratish masalalari muhokama qilingan.
Uchrashuvda maktabgacha ta’lim qamrovini kengaytirish, maktablarda puxta bilim berish, yoshlarni kasbga yo‘naltirish va ularning ilm-fanga qiziqishini qo‘llab-quvvatlash muhim vazifalar sifatida qayd etildi. Shuningdek, o‘qituvchilarning jamiyatdagi obro‘sini oshirish, mehnatini munosib qadrlash va kasbiy rivojlanishi uchun zarur sharoitlarni yaratishga e’tibor qaratilgan.
Erkinjon Turdimov mavjud muammolarni aniqlash bilan cheklanib qolmasdan, ularning har biri bo‘yicha amaliy yechimlar ishlab chiqish zarurligini ta’kidladi. Vazirlik tizimi xodimlariga o‘quvchi, talaba va pedagoglar hayotida ijobiy o‘zgarishlarga olib keladigan aniq takliflar tayyorlash vazifasi yuklatildi.
Eslatib o‘tamiz, Vazirlar Mahkamasida tashkil etilgan Ta’lim, ilm-fan va sog‘liqni saqlash masalalari kotibiyatiga Manuchehr Boborahimovich Mirzayev rahbar etib tayinlanishi kutilmoqda. U hozirda Sirdaryo viloyati hokimining axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi — viloyat hokimligi axborot xizmati rahbari lavozimida faoliyat yuritmoqda.
