Qozog‘istonlik talaba hosilni avtomatik saralovchi qurilma ishlab chiqdi

Qozog‘istonlik talaba hosilni avtomatik saralovchi qurilma ishlab chiqdi

Ostona shahrida tahsil olayotgan talaba qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini avtomatik saralab, qo‘l mehnatini kamaytirishga mo‘ljallangan qurilma yaratdi. Hozirda ixtiro sinovdan o‘tkazilmoqda. Bu haqda Kazinform agentligi xabar berdi.

 

Qozog‘istonning Ostona shahridagi Lu Ban ustaxonasida tahsil olayotgan 4-bosqich talabasi Berik Kanatbek qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini avtomatik saralash qurilmasini yaratdi.

 

Yosh ixtirochi yaratgan qurilma yaroqsiz mahsulotlarni saralab ajratish va qo‘l mehnatini kamaytirishga mo‘ljallangan. Hozirda talaba qurilmani sinovdan o‘tkazmoqda. Kelgusida uni ishlab chiqarishga joriy etish rejalashtirilgan.

 

Qurilmani ishlab chiqishda Berik Kanatbek o‘qish davomida egallagan dasturlash, robototexnika va ishlab chiqarish uskunalari bilan ishlash bo‘yicha bilimlaridan foydalangan. Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirda qurilmani yanada takomillashtirish ishlari davom etmoqda.

 

Talabalarimiz dasturlash tillarini o‘rganish bilan birga, robotlar va ishlab chiqarish texnikasidan kundalik hayotda, korxonalarda, o‘z biznesini rivojlantirishda hamda iqtisodiyotning boshqa sohalarida foydalanishni ham o‘zlashtirmoqda, — degan ustaxona rahbari Oltoybek Mamir.

 

Muhandis Nurbolat Axmetjanovning ta’kidlashicha, talabalar dronlarni boshqarish bilan cheklanib qolmay, raqamli texnologiyalar bilan ishlash ko‘nikmalarini ham egallamoqda.

 

Dastlab talabalarimiz simulyatorlarda ishlashni o‘rganadi, keyin esa dronlarni boshqarishga o‘tadi. Ular nafaqat uchuvchisiz uchish qurilmalarini boshqarishni, balki ulardan olingan ma’lumotlarni raqamli tahlil qilish va shu asosda qarorlar qabul qilishni ham o‘rganadi, — ta’kidlagan u.

 

Dronlardan qishloq xo‘jaligida ham foydalanish rejalashtirilgan. Buning uchun ularning harakat yo‘nalishi va ishlash tartibi oldindan dasturlashtiriladi.

 

Avval ekin maydonining koordinatalarini dasturga kiritamiz. Shundan so‘ng dron operator ishtirokisiz ekinlarga maxsus preparat sepadi. Akkumulyator quvvati kamayganda, u avtomatik ravishda belgilangan joyga qaytadi. Biz akkumulyatorni almashtirib, preparat zaxirasini to‘ldiramiz va dronni yana ishga tushiramiz. Shundan keyin u avvalgi joyiga qaytib, ishini davom ettiradi. Talabalarimiz bunday dasturlarni mustaqil yaratishni o‘rganmoqda.

 

Qayd etilishicha, bunday markazlar Ostona, Olmaota va O‘skemen shaharlarida faoliyat yuritadi. Ustaxonalarning asosiy maqsadi nazariy bilimlarni amaliy ko‘nikmalar bilan uyg‘unlashtirgan holda, robototexnika va raqamli texnologiyalar yordamida amaliy muammolarni hal qila oladigan mutaxassislarni tayyorlashdan iborat.

 

Avvalroq, qozog‘istonlik o‘quvchi qiz AQSh laboratoriyasida ekinlarni saqlab qolish bo‘yicha ilmiy tadqiqot olib borgani haqida xabar berilgandi.