Oʻzbekistonlik yoshlar Koreyada oʻtkazilgan xalqaro robototexnika musobaqasida ishtirok etib, jahon chempioni boʻldi.
Janubiy Koreyaning Incheon shahrida 200 ga yaqin davlat vakillari ishtirokida oʻtayotgan FIRST Global Challenge 2026 xalqaro robototexnika musobaqasida Oʻzbekiston terma jamoasi tarixiy natijaga erishdi. Bu haqda Yoshlar ishlari agentligi xabar berdi.
Terma jamoa 3 ta oltin medalni qoʻlga kiritib, mutlaq chempionlikka erishdi. Yosh muhandislar 16 ta oʻyinning barchasida gʻalaba qozonib, 637 ball bilan musobaqa rekordini qayd etdi.
«Ushbu natija Oʻzbekiston yoshlarining muhandislik va robototexnika sohasidagi salohiyati xalqaro miqyosda eʼtirof etilayotganining yana bir yorqin namunasidir», deyiladi agentlik xabarida.
Avvalroq, Samarqandda oʻtkazilgan 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasida Oʻzbekiston terma jamoasi oltin medalni qoʻlga kiritib, ikki karra Butunjahon shaxmat olimpiadasi gʻolibi boʻlgan edi.
