Namanganda o‘quvchini Damas urib yubordi: tanaffusdan 10 daqiqa avval xonani tark etgan o‘qituvchi jazolandi

Namanganda o‘quvchini Damas urib yubordi: tanaffusdan 10 daqiqa avval xonani tark etgan o‘qituvchi jazolandi

Namangan shahridagi 65-maktab o‘quvchisini avtomobil urib yuborishi yuzasidan xizmat tekshiruvi o‘tkazildi. Natijada sinf rahbari bilan mehnat shartnomasi bekor qilinib, yana ikki nafar xodimga intizomiy chora ko‘rildi.

 

Ijtimoiy tarmoqlarda Yangi Namangan tumanidagi 65-umumta’lim maktabi o‘quvchisi bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisasi haqida xabarlar tarqaldi. Namangan viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi holat yuzasidan munosabat bildirdi.

 

Boshqarma ma’lumotiga ko‘ra, 2026-yil 2-oktyabr kuni uchinchi dars soatida ingliz tili fani o‘qituvchisi dars tugashiga 10 daqiqa qolganida sinfni tark etgan. Natijada uch nafar o‘quvchi maktab hududidan chiqib ketgan.

 

Soat 15:20 atrofida o‘quvchilardan biri suv olish uchun yo‘lning qarama-qarshi tomoniga o‘tgan. Qaytib kelayotganida uni ‘‘Damas’’ rusumli avtomobil urib yuborgan. O‘quvchiga tibbiy yordam ko‘rsatilgan.

 

Holat yuzasidan mas’ul xodimlarning faoliyati tanqidiy tahlil qilingan. Natijada sinf rahbari bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilingan, o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosariga ogohlantirish berilgan. Ingliz tili fani o‘qituvchisiga esa hayfsan intizomiy jazosi qo‘llanilgan.

 

Eslatib o‘tamiz, sentyabr oyida ham Toshkentning Mirzo Ulug‘bek tumanida maktab o‘quvchisini avtomobil urib yuborgan edi. Keyinchalik o‘quvchining sog‘lig‘i yaxshi ekani va hozirda dars mashg‘ulotlarida ishtirok etayotgani ma’lum qilingan.