Toshkentning Mirzo Ulug‘bek tumanida maktab o‘quvchisini avtomobil urib yubordi. O‘quvchining sog‘lig‘i yaxshi ekani va hozirda dars mashg‘ulotlarida ishtirok etayotgani ma’lum qilindi.
Ijtimoiy tarmoqlarda 14-sentyabr kuni Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 205-maktab yaqinida o‘quvchini avtomobil urib yuborgani haqida xabar tarqaldi.
Mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi munosabat bildirdi.
Aniqlik kiritilishicha, o‘quvchi darsdan so‘ng uyiga qaytayotgan vaqtda svetoforning qizil chirog‘ida yo‘lning belgilanmagan qismidan o‘tishga harakat qilgan. Shu vaqtda u “Spark” rusumli avtomobil bilan to‘qnashgan.
Hodisa joyida o‘quvchiga birinchi yordam ko‘rsatilgan. Hozirda uning sog‘lig‘i yaxshi bo‘lib, dars mashg‘ulotlarida ishtirok etmoqda.
Holat yuzasidan maktab rahbariyati bilan suhbat o‘tkazilgan. O‘quvchilarga yo‘l harakati xavfsizligi qoidalarini tushuntirish, xususan, svetofor ishoralariga rioya qilish hamda yo‘lni faqat belgilangan joylardan kesib o‘tish bo‘yicha targ‘ibot-tushuntirish ishlarini kuchaytirish topshirilgan.
Eslatib o‘tamiz, Jizzaxda 11-sinf o‘quvchisi 3-sinf bolasini avtomobil urib ketishidan qutqarib qolgani haqida xabar bergan edik.
