O‘zbekistonlik talabalar Google’ning sun’iy intellekt xizmatlari va qo‘shimcha imkoniyatlarini o‘z ichiga olgan “Gemini AI Plus” obunasidan bir yil davomida bepul foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Buning uchun talabalar maxsus platforma orqali talabalik maqomini tasdiqlashlari kerak.
Raqamli texnologiyalar vazirligi va Google hamkorligida xalqaro verifikatsiya platformasi SheerID O‘zbekistonni rasman qo‘llab-quvvatlanadigan davlatlar ro‘yxatiga kiritdi.
Natijada o‘zbekistonlik talabalar Aileaders.uz platformasi orqali Google verifikatsiyasidan o‘tib, qiymati 60 dollarga teng bo‘lgan bir yillik “Gemini AI Plus” obunasini bepul olishlari mumkin.
Obuna talabalar uchun bir qator qo‘shimcha imkoniyatlarni taqdim etadi. Jumladan, Gemini ilovasidan foydalanish limitlari oshiriladi hamda ilg‘or sun’iy intellekt modellaridan foydalanish imkoniyati beriladi.
Google Foto, Google Disk va Gmail xizmatlari uchun 400 GB hajmli xotira ajratiladi.
Obuna doirasida foydalanuvchilar Google Flow orqali sun’iy intellekt yordamida kinematografik sahnalar va hikoyalar yaratish, Gmail pochta xizmatining o‘zida Gemini imkoniyatlaridan foydalanish imkoniga ega bo‘ladi.
Bundan tashqari, Gemini Notebook xizmatining tadqiqotga oid funksiyalaridan kengroq foydalanish mumkin. Ular orasida audio va video materiallar mazmunini qayta bayon qilish hamda testlar yaratish kabi imkoniyatlar mavjud.
Shuningdek, sun’iy intellekt yordamida musiqa yaratishga mo‘ljallangan vositalardan foydalanish uchun ham qo‘shimcha imkoniyatlar taqdim etiladi.
Avvalroq, Google Gemini sun’iy intellekt platformasida oʻzbek tili joriy etilgani haqida xabar berilgandi.
