O‘zbekistondagi oliy ta’lim muassasalarida 1,8 million nafardan ortiq talaba tahsil olmoqda. Ularning 55 foizdan ko‘prog‘ini ayollar tashkil etadi.
Stat.edu.uz platformasida O‘zbekistondagi talabalar soni, ularning ta’lim shakli, yoshi, o‘qish bosqichi va boshqa ko‘rsatkichlari bo‘yicha ma’lumotlar keltirilgan.
Statistikaga ko‘ra, mamlakatdagi oliy ta’lim muassasalarida 1 million 845 ming 426 nafar talaba tahsil olmoqda. Ularning 53,5 foizi davlat, 43,8 foizi nodavlat va 2,6 foizi xorijiy oliy ta’lim muassasalarida o‘qimoqda.
Taqqoslash uchun, 2026-yil mart oyidagi statistikada mamlakatdagi talabalar soni 1 million 632 ming 980 nafarni tashkil etgani qayd etilgan edi. Hozirgi ko‘rsatkich oldingi statistikaga nisbatan 212 ming 446 nafarga yoki qariyb 13 foizga ko‘p.
Talabalarning ta’lim shakli bo‘yicha taqsimoti quyidagicha:
— kunduzgi — 1 126 685 nafar (61 foiz);
— sirtqi — 492 154 nafar (27 foiz);
— kechki — 108 166 nafar (6 foiz);
— masofaviy — 89 991 nafar (5 foiz).
O‘qish bosqichi bo‘yicha talabalarning 94 foizi bakalavriat, 5 foizi magistratura va 1 foizga yaqin qismi ordinaturada tahsil olmoqda. Ko‘rsatkichlarda esa bakalavriatda 1 743 627 nafar, magistraturada 95 016 nafar, ordinaturada 6 858 nafar talaba bor.
Talabalar tarkibida ayollar ko‘pchilikni tashkil etadi. Umumiy talabalar sonining 1 021 516 nafari ayollar, 823 910 nafari erkaklardir. Talabalarning 1 665 476 nafari to‘lov-kontrakt, 180 025 nafari esa davlat granti asosida tahsil olmoqda.
Shuningdek, mamlakatda jami 205 ta oliy ta’lim muassasasi mavjud. Ularning 99 tasi davlat, 74 tasi nodavlat va 32 tasi xorijiy oliy ta’lim muassasalaridir.
Oliy ta’lim tizimida 51 239 nafar o‘qituvchi faoliyat yuritmoqda.
Talabalar soni hududlar kesimida ham farq qiladi. Eng ko‘p talaba Samarqand viloyatida — 191 410 nafar. Qashqadaryoda 191 405 nafar, Toshkent shahrida esa 189 147 nafar talaba tahsil olmoqda.
Mazkur statistik ma’lumotlar HEMIS axborot tizimi orqali real vaqt rejimida shakllantirilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq OTMlarda 50 dan ortiq davlatdan kelgan 24 647 nafar xorijiy talaba tahsil olayotganligi haqida xabar bergan edik. Ularning yarmidan ko‘prog‘ini Hindiston fuqarolari tashkil etadi.
