Navbatdan tashqari attestatsiya uchun to‘lovni amalga oshirish muddati ertaga yakunlanadi

Navbatdan tashqari attestatsiya uchun to‘lovni amalga oshirish muddati ertaga yakunlanadi

Navbatdan tashqari attestatsiyada ishtirok etish uchun to‘lovni amalga oshirishning ertaga, 5-oktyabr kuni oxirgi kuni. Ariza yuborgan pedagoglar to‘lovni ertaga kun yakuniga qadar amalga oshirishi mumkin.

 

Xabaringiz bor, avgust-dekabr oylarida o‘tkaziladigan pedagog kadrlar attestatsiyasida navbatdan tashqari tartibda ishtirok etish uchun murojaat yuborgan pedagoglarga qo‘shimcha imkoniyat yaratilgan edi.

 

Bunda navbatdan tashqari attestatsiyada ishtirok etish uchun to‘lovni amalga oshirish muddati joriy yilning 5-oktyabr soat 23:59 ga qadar uzaytirilgan. Ushbu muddat ertaga yakunlanadi.

 

Mazkur imkoniyat faqat navbatdan tashqari, ya’ni o‘z ixtiyori bilan attestatsiyada ishtirok etish uchun ariza yuborgan pedagoglarga taalluqli.

 

Eslatib o‘tamiz, o‘z xohishiga ko‘ra navbatdan tashqari attestatsiyada qatnashib, attestatsiyadan o‘ta olmagan pedagoglarning malaka toifasi (lavozimi) tushirilmaydi. Ularga navbatdan tashqari attestatsiyada qatnashishdan oldin amalda bo‘lgan malaka toifasi (lavozimi) bo‘yicha haq to‘lanadi.

 

Ma’lumot uchun, navbatdan tashqari pedagog kadrlar attestatsiyasi hamda kasbiy sertifikatlash sinovlarida ishtirok etish uchun to‘lanadigan yig‘im miqdori bazaviy hisoblash miqdorining 50 foizi etib belgilangan.

 

Avvalroq, dekret ta’tilidan qaytib, sentyabr oyidan ish faoliyatini boshlaydigan pedagoglar kuzgi mavsumda navbatdan tashqari attestatsiyada qatnashish uchun o‘z xohishiga ko‘ra ariza topshirishi mumkinligi haqida xabar bergan edik.