Pedagoglarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash hamda ularga qo‘shimcha qulaylik yaratish maqsadida navbatdan tashqari attestatsiyasida ishtirok etish uchun to‘lovni amalga oshirish muddati uzaytirildi.
2026-yilning avgust-dekabr oylarida o‘tkaziladigan pedagog kadrlar attestatsiyasida navbatdan tashqari tartibda ishtirok etish uchun murojaat yuborgan pedagoglarga qo‘shimcha imkoniyat yaratildi. Bu haqda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi ma’lum qildi.
Ma’lum qilinishicha, ayrim pedagoglar attestatsiyada ishtirok etish uchun ariza yuborgan bo‘lsa-da, belgilangan muddatda to‘lovni amalga oshirishga ulgurmagan. Shu sababli ular tomonidan Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligiga murojaatlar yo‘llangan.
Pedagoglarni qo‘llab-quvvatlash va ularga qo‘shimcha qulaylik yaratish maqsadida navbatdan tashqari attestatsiyada ishtirok etish uchun to‘lovni amalga oshirish muddati joriy yilning 5-oktyabr soat 23:59 ga qadar uzaytirildi.
Eslatib o‘tamiz, 2026-yilning avgust-dekabr oylarida o‘tkaziladigan pedagog kadrlar attestatsiyasi uchun murojaat yuborish jarayoni 1-avgustdan 1-oktyabrga qadar davom etdi.
Mazkur imkoniyat faqat navbatdan tashqari, ya’ni o‘z ixtiyori bilan attestatsiyada ishtirok etish uchun ariza yuborgan pedagoglarga taalluqli.
