Ta’limni rivojlantirish bo‘yicha maxsus ishchi guruh tuziladi. Unga Zafar Hoshimov rahbarlik qiladi

Ta’limni rivojlantirish bo‘yicha maxsus ishchi guruh tuziladi. Unga Zafar Hoshimov rahbarlik qiladi

O‘zbekistonda ta’lim sifatini oshirish va sohani zamonaviy talablar asosida rivojlantirish maqsadida yangi mexanizmlar joriy etilmoqda. Shu doirada Prezident Administratsiyasi huzurida inson kapitali va uzluksiz ta’limni rivojlantirish bo‘yicha maxsus ishchi guruh tashkil etilib, unga tadbirkor Zafar Hoshimov rahbarlik qiladi.

 

Prezident Ta’lim va ilm-fan vazirligini tashkil etish to‘g‘risidagi farmonni imzolash chog‘ida ta’lim sifatini oshirish va sohani yangi bosqichga olib chiqish uchun yangicha yondashuvlarni joriy etish vazifasini belgiladi.

 

Xususan, bozor talablariga mos ta’limni rivojlantirish, raqobatni kuchaytirish va xususiy sektor ishtirokini kengaytirishga alohida e’tibor qaratiladi.

 

Shu maqsadda Prezident Administratsiyasi huzurida inson kapitalini rivojlantirish va uzluksiz ta’lim strategiyasi bo‘yicha umummilliy konsepsiyani ishlab chiqadigan maxsus ishchi guruh tashkil etilmoqda.

 

Mazkur ishchi guruhga jamoatchilik asosida tadbirkor Zafar Hoshimov rahbarlik qiladi. Bu haqida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti matbuot kotibi Sherzod Asadov ma’lum qildi.

 

Ma’lumot uchun Zafar Hoshimov 1968-yil 29-iyun kuni Toshkent shahrida tug‘ilgan bo‘lib, ‘‘Korzinka’’ supermarketlar tarmog‘i asoschisi hisoblanadi.

 

Guruh tarkibiga ta’lim muassasalarini tashkil etish va samarali tizimlarni yaratish bo‘yicha tajribaga ega tadbirkorlar, soha mutaxassislari, olimlar hamda xalqaro ekspertlar jalb qilinadi.

 

Avvalroq, Prezident Administratsiyasi rahbariga ta’limni isloh qilish bo‘yicha yangi o‘rinbosar tayinlangani haqida xabar bergan edik.