Boshqa hududdan kelib ishlayotgan o‘qituvchi foydasiga 38,4 mln so‘m ustama undirib berildi

Boshqa hududdan kelib ishlayotgan o‘qituvchi foydasiga 38,4 mln so‘m ustama undirib berildi

Samarqand viloyati Nurobod tumanida boshqa hududdan kelib, ta’lim darajasi yuqori bo‘lmagan maktabda faoliyat yuritayotgan o‘qituvchiga to‘lanmagan 38,4 mln so‘mlik ustama sud qarori bilan undirib berildi.

 

Fuqarolik ishlari bo‘yicha Nurobod tuman sudida Nurobod tumani Adliya bo‘limining fuqaro Ro‘ziyev Chori Bozorovich manfaatida Nurobod tumani maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi hamda 54-umumiy o‘rta ta’lim maktabiga nisbatan ustama pullarini undirish haqidagi da’vosi ko‘rib chiqildi.

 

Ish hujjatlariga ko‘ra, Ro‘ziyev Chori Bozorovich Buxoro viloyatidan Samarqand viloyatining Nurobod tumanidagi 54-umumiy o‘rta ta’lim maktabiga kelib, pedagog sifatida faoliyat yuritgan.

 

Uning boshqa hududdan kelib, ta’lim darajasi yuqori bo‘lmagan maktabda ishlagani sababli Vazirlar Mahkamasining tegishli qarorida nazarda tutilgan lavozim maoshining 100 foizi miqdoridagi ustama to‘lanishi belgilangan. Bu haqda maktab direktori tomonidan tegishli buyruq ham chiqarilgan.

 

Biroq belgilangan ustama pullari to‘lab berilmagani sababli o‘qituvchi Nurobod tumani Adliya bo‘limiga murojaat qilgan. Adliya bo‘limi uning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilib, sudga da’vo arizasi kiritgan.

 

Sud ishni ko‘rib chiqishda taraflar va ularning vakillari bergan tushuntirishlar, taqdim etilgan hujjatlar hamda boshqa dalillarni o‘rgangan. Natijada haqiqatdan ham Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori asosida uzoq ta’lim darajasi yuqori bo‘lmagan maktablarga ta’lim berish uchun boshqa hududdan kelgan o‘qituvchilarga 100 foizlik ustama to‘lash belgilab qo‘yilganligi, mazkur to‘lov (ustama to‘lovi) to‘lab berilishi haqida alohida maktab direktorining buyrug‘i qabul qilinganligi, lekin ushbu buyruq Vazirlar Mahkamasi qarori bajarilmaganligi aniqlangan.

 

Shundan so‘ng sud da’vo talablarini qanoatlantirish haqida qaror qabul qilgan.

 

O‘qituvchiga 38,4 mln so‘m to‘lanadi

 

Sud qaroriga ko‘ra, Nurobod tumani maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi hamda 54-umumiy o‘rta ta’lim maktabi hisobidan pedagog Ro‘ziyev Chori Bozorovich foydasiga 38 mln 426 ming 654 so‘m miqdorida ustama hamda 41 ming 200 so‘m pochta xarajati undirib beriladi.

 

Shuningdek, javobgar tashkilotlardan davlat foydasiga 1 mln 537 ming 66 so‘m miqdorida davlat boji undirilishi belgilangan.

 

Avvalroq, Andijonda o‘qituvchi foydasiga 9,6 mln so‘mlik kompensatsiya to‘lanishi belgilangani haqida xabar berilgandi.