Andijon viloyati Oltinko‘l tumanidagi umumta’lim maktablaridan birida faoliyat yurituvchi o‘qituvchiga to‘lanishi kechiktirilgan moddiy yordam uchun 9,6 million so‘mdan ortiq kompensatsiya undirib berildi.
Adliya vazirligi ma’lum qilishicha, Oltinko‘l tumanidagi maktablardan birida ishlovchi o‘qituvchi turmush o‘rtog‘i vafot etgani munosabati bilan berilishi lozim bo‘lgan moddiy yordam mablag‘lari uzoq vaqt davomida to‘lanmayotgani yuzasidan adliya organlariga murojaat qilgan.
O‘rganishlar davomida unga moddiy yordam ajratish bo‘yicha tegishli buyruq rasmiylashtirilgan bo‘lsa-da, to‘lovlar o‘z vaqtida amalga oshirilmagani aniqlangan.
Shundan so‘ng adliya bo‘limi tomonidan o‘qituvchining manfaatlarini himoya qilish maqsadida sudga da’vo arizasi kiritilgan.
Sud da’voni to‘liq qanoatlantirib, xodim foydasiga to‘lovlarni kechiktirganlik uchun hisoblangan 9 million 666 ming so‘m miqdoridagi kompensatsiyani undirish haqida qaror chiqargan.
Avvalroq, kasb kasalligiga chalingan oʻqituvchiga 337 mln soʻm mablagʻ undirib berilgani haqida xabar bergan edik.
