Yotoqxonadan joy ololmagan davlat OTM talabalari uchun ijara to‘lovining bir qismini qoplashga ariza topshirish hamda sentyabr oyi uchun to‘lovlarni amalga oshirish muddatlari uzaytiriladi. Yangi muddatlar tez orada rasman e’lon qilinadi.
Ijtimoiy tarmoqlarda yotoqxonadan joy ololmagan talabalarga ijara to‘lovining bir qismini qoplash bo‘yicha ariza topshirish imkoniyati cheklangani yuzasidan xabarlar tarqaldi.
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi yotoqxonadan joy ololmagan talabalardan kelib tushayotgan murojaatlar inobatga olinib, ijara to‘lovi uchun ariza topshirish hamda sentyabr oyi uchun to‘lovlarni amalga oshirish muddatlari uzaytirilishini ma’lum qildi.
Yangi muddatlar bo‘yicha batafsil ma’lumot qisqa vaqt ichida rasman e’lon qilinadi.
Amaldagi tartibga muvofiq, yotoqxona bilan qamrab olinmagan davlat oliy ta’lim tashkilotlari talabalariga ijara huquqi asosida yashayotgan xonadon uchun ijara to‘lovining bir qismi belgilangan tartibda qoplab beriladi.
Bunda arizalar har oyning 1-sanasidan 7-sanasiga qadar elektron shaklda yuboriladi. Arizani kontrakt.edu.uz tizimidagi shaxsiy kabinet yoki my.gov.uz orqali topshirish mumkin.
Davlat OTMlarining kunduzgi ta’lim shaklida, grant yoki kontrakt asosida tahsil olayotgan va ijara asosida yashayotgan talabalarining 60 foiziga ijara to‘lovining bir qismi qoplab beriladi.
To‘lov miqdori Toshkent shahrida BHMning bir baravarigacha, boshqa hududlarda esa yarim baravarigacha bo‘lishi mumkin.
