Chilida talabalar va o‘qituvchilar ta’lim xarajatlari qisqartirilgani uchun namoyish uyushtirishdi

Chilida talabalar va o‘qituvchilar ta’lim xarajatlari qisqartirilgani uchun namoyish uyushtirishdi

Chili poytaxti Santyagoda minglab talabalar, o‘qituvchilar va turli jamoat tashkilotlari vakillari ta’lim sohasidagi byudjet qisqartirishlariga qarshi namoyishga chiqdi. Namoyish vaqtida ishtirokchilar va politsiya o‘rtasida to‘qnashuvlar yuz berdi.

 

Namoyish Chili Prezidenti Xose Antonio Kast hukumati tomonidan davlat xarajatlarini qisqartirish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar fonida tashkil etilgan. Hukumat 18 oy davomida davlat xarajatlarini qariyb 6 milliard dollarga kamaytirish, barcha vazirliklar byudjetini esa qariyb 3 foizga qisqartirishni rejalashtirmoqda.

 

Namoyishni Chili Talabalar konfederatsiyasi tashkil etgan. Unda O‘qituvchilar uyushmasi, o‘rta maktab o‘quvchilari tashkilotlari hamda feminist guruhlar ham qatnashgan.

 

Namoyish dastlab tinch boshlangan. Biroq keyinchalik vaziyat keskinlashib, namoyishchilar va politsiya o‘rtasida to‘qnashuvlar yuzaga kelgan. Politsiya olomonni tarqatish uchun suv purkagichlar va ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz ishlatgan. Ayrim namoyishchilar esa politsiyaga tosh va boshqa buyumlarni uloqtirgan.

 

To‘qnashuvlar sabab Santyagoning ayrim ko‘chalari yopilgan, bir nechta metro bekatlarida faoliyat vaqtincha to‘xtatilgan.

 

Namoyishchilar, shuningdek, davlat xarajatlarini kamaytirish, investitsiyalarni rag‘batlantirish va Chili iqtisodiyotini rivojlantirishga qaratilgan Milliy qayta qurish to‘g‘risidagi qonun loyihasiga qarshi ham norozilik bildirgan. Mazkur loyiha may oyining oxirida Deputatlar palatasida ma’qullangan va Senatda muhokama qilinishi kutilmoqda.

 

Associated Press jurnalistlari voqea joyida kamida 12 kishining hibsga olingani va bir necha kishi jarohatlanganini qayd etgan. Politsiya va hukumat vakillari to‘qnashuvlar yuzasidan hozircha izoh bermagan.

 

Avvalroq, ta’lim sharoitlari sabab Fransiyada yuzlab o‘quvchilar namoyishga chiqgani haqida xabar bergan edik.