Prezident uchrashuv davomida o‘quv darsliklari hamda maktabgacha ta’lim tizimidagi o‘zgarishlar haqida so‘z yuritdi. Xususan, yil yakuniga qadar o‘yin orqali ta’lim berishga qaratilgan dastur 38 mingdan ortiq bog‘chaning barchasiga joriy etiladi.
Ikki kun avval O‘zbekistonda maktab darsliklari xalqaro tajriba asosida yangilanmoqda. Boshlang‘ich sinflarda Finlyandiya, 5–7-sinflarda esa Singapur tajribasidan foydalanilayotgani haqida xabar berilgandi.
Bugungi uchrashuvda Prezident yangi avlod darsliklarini yaratish ishlari 2018-yilda boshlanganini esladi. Unga tajribali mutaxassislar, mualliflar, olimlar, pedagoglar va xususiy kompaniyalar jalb qilingan. Kitoblarni yaratishda Finlyandiya va Singapur kabi davlatlarning tajribasi o‘rganilgan. Faqat shu yilning o‘zida 324 ta darslik yangilangan. Ularni tayyorlashda 400 nafardan ziyod mutaxassis mehnat qilgan.
Davlat rahbari bu ishga bilimi va kuchini bag‘ishlagan har bir insonga minnatdorlik bildirdi.
Uchrashuv davomida bu kitoblar o‘qituvchilarni o‘z ustida ishlashga undagani, pedagogika oliygohlarini o‘quv dasturlarini xalqaro talablarga moslashtirishga harakatlantirganini ta’kidlandi. 2030-yilga qadar 8-11-sinflar uchun darsliklarni yangilash ishlari ham oxiriga yetkaziladi.
Maqsadimiz aniq – har bir o‘quv yili bolaga keyingi bosqich uchun mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qilsin! Bitiruvchi maktabni hayotga tayyor, o‘z bilimiga, o‘z kuchiga ishongan holda tamomlasin! Eng avvalo, farzandlarimizga, ularning iste’dodi, qobiliyati, kelajagiga ishonaman! – dedi davlat rahbari.
Prezident bolalar eng yaxshi ta’lim, eng yaxshi sharoit va eng yaxshi kelajakka munosib ekanini alohida ta’kidladi.
Bog‘cha bolaning qobiliyati kashf etiladigan, zehni ochiladigan maskanga aylanishi zarur, – dedi Prezident.
Ta’kidlanishicha, Italiya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Singapur va Xitoy tajribasi asosida milliy qadriyatlarimizga mos dastur ishlab chiqilgan. 180 ming tarbiyachi va pedagog yangi metodika bo‘yicha o‘qitilmoqda.
Ma’lum qilinishicha, o‘yin orqali ta’lim berishga qaratilgan dastur hozir bog‘chalarning 30 foizida amal qiladi. Yil yakuniga qadar u 38 mingdan ortiq bog‘chaning barchasiga joriy etiladi.
Toshkentda UNESCO shafeligida Bolalarni erta yoshdan ta’limga jalb qilish mintaqaviy markazi va Italiyaning Rejjio Emiliya markazi ish boshlagan. Ular xalqaro standartlar va innovatsion yechimlarni joriy etish, o‘yin orqali ta’lim bo‘yicha amaliy qo‘llanmalar tayyorlashga xizmat qiladi.
Shuningdek, har yili 50 nafar ilg‘or tarbiyachi xorijda stajirovka o‘taydi, barcha bog‘chalar uchun 100 ta videokontent tayyorlanadi. Uch yillik dastur asosida davlat bog‘chalari elektron doska, kompyuter va rangli printer bilan jihozlanishi ta’kidlandi.
Avvalroq, uchrashuv davomida kelasi yildan “korxona – oliygoh – maqsadli kadr” tizimi 75 ta oliy ta’lim muassasasida, 2028-yildan barcha oliygohlarda amal qilishi ma’lum qilingani haqida xabar berilgandi.
