Bugungi bo‘lib o‘tgan uchrashuvda texnikum hamda dual ta’lim tizimiga ham to‘xtalib o‘tildi. Qayd etilishicha, kelasi yildan “korxona – oliygoh – maqsadli kadr” tizimi 75 ta oliy ta’lim muassasasida, 2028-yildan barcha oliygohlarda amal qiladi.
Ta’kidlanishicha, so‘nggi ikki yilda 104 ta texnikumga Germaniya, Buyuk Britaniya, Shveytsariya va Xitoyning xalqaro dasturlari olib kirilgan. 25 ming korxona bilan hamkorlik natijasida 100 mingdan ziyod yosh o‘qish barobarida daromad topish imkoniga ega bo‘lgan.
Shu yildan dual ta’limda kasb o‘rganayotgan yoshlarga 1 million 300 ming so‘mgacha stipendiya to‘lanmoqda. Bu yil 9-sinfni bitirgan 220 ming o‘quvchi texnikumga jalb qilingan.
Xalqaro dasturlar bosqichma-bosqich barcha texnikumlarga joriy etiladi. Buning uchun ustalarni tayyorlash va rag‘batlantirish ham kuchaytiriladi: kelasi yildan xalqaro kasb sertifikatiga ega ustaga 50 foiz ustama to‘lanib, sertifikat xarajati to‘liq qoplanadi.
Har yili 500 nafar texnikum ustasi Germaniya, Shveytsariya, Turkiya va Xitoy kabi davlatlarda stajirovka o‘taydi.
Prezident oliygohlarda dual ta’limni yangicha yondashuv asosida yo‘lga qo‘yish to‘g‘risidagi qarorni imzoladi. Kelasi yildan “korxona – oliygoh – maqsadli kadr” tizimi 75 ta oliy ta’lim muassasasida, 2028-yildan barcha oliygohlarda amal qiladi.
Ish beruvchi o‘ziga kerak nomzodni o‘qitish bo‘yicha oliygohga buyurtma beradi; nomzod testsiz, suhbat asosida qabul qilinadi. Ishga olingan talabaga to‘langan maoshning yarmini davlat qoplaydi.
Korxona tomonidan biriktirilgan ustozga oliygoh pedagoglar oyligiga teng miqdorda qo‘shimcha haq to‘laydi. Korxona oliygoh yoki talaba yashaydigan joydan uzoq bo‘lsa, ijara xarajati qoplanadi. O‘qish va ishda yaxshi natija ko‘rsatgan talabalar ikkinchi kursdan davlat grantiga o‘tadi.
Shuningdek, rektorlar dual ta’lim bo‘limlarini ochadi, o‘quv ishlari bo‘yicha prorektorlar asosiy vaqtini shu yo‘nalishga ajratadi. Tizimni namunali tashkil qilgan uchta eng yaxshi oliy ta’lim muassasasi va hamkor korxonaning har biri 1 milliarddan 3 milliard so‘mgacha mukofot oladi. Oliygohga berilgan mukofotning yarmi bu ishga hissa qo‘shgan pedagoglarni rag‘batlantirishga sarflanadi.
Avvalroq, bo‘sh davlat binolari xususiy maktab ochish uchun 10 yilga bepul ijaraga berilishi haqida xabar berilgandi.
