Tanqidiy fikrlashni rivojlantirmoqchi bo‘lganlar uchun badiiy adabiyot ham samarali vosita bo‘la oladi. Quyida o‘quvchini fikrlashga, tahlil qilishga va xulosa chiqarishga undaydigan 5 ta kitob jamlandi.
Tanqidiy fikrlashni rivojlantirishning eng yaxshi usuli — uning amalda qanday ishlashini ko‘rish. Buning uchun zerikarli qo‘llanmalar yoki o‘zini rivojlantirishga oid kitoblarni o‘qish shart emas.
Badiiy adabiyot ko‘pincha qahramonlarni haqiqiy olimlar yoki detektivlardek fikrlashga undaydi. Bu esa o‘quvchiga katta foyda beradi. Ushbu to‘plamdagi kitoblar aql uchun o‘ziga xos mukammal mashq vazifasini bajaradi.
“Deyarli oddiy oila” (A Nearly Normal Family) — Mattias Edvardsson
Asarning bosh qahramonlari tashqaridan qaraganda farovon hayot kechirayotgan Sandellar oilasi: ota Adam — hurmatli ruhoniy, ona Ulrika — muvaffaqiyatli advokat va ularning 18 yoshli qizi Stella.
Qiz yashirincha ishqiy munosabatda bo‘lgan biznesmen Kristofer Olssonni shafqatsizlarcha o‘ldirishda ayblanib hibsga olinadi. Bu esa oiladagi osoyishtalikni butunlay buzadi.
Kitob uch qismga bo‘lingan bo‘lib, har bir qism oila a’zolaridan birining tilidan hikoya qilinadi. Bu o‘quvchiga bir voqeani turli nuqtayi nazarlardan ko‘rish imkonini beradi.
Dastlab voqeani ota Adam hikoya qiladi. U qiziga alibi yaratib berish (ya’ni, biror hodisa yuz bergan vaqtda boshqa joyda bo‘lganini isbotlash) uchun yolg‘on guvohlik berishga ham tayyor.
Ikkinchi qismda esa isyonkor va og‘riqli munosabatlar girdobiga tushib qolgan Stellaning fikrlari ochib beriladi. Yakuniy qismda ona Ulrika hikoyani davom ettiradi. U o‘zining yuridik bilimlaridan foydalanib, farzandini qutqarish uchun faktlar va dalillarni sovuqqonlik bilan boshqaradi.
“Sfera” (The Circle) — Deyv Eggers
Roman markazida yosh va shuhratparast Mey Holland turadi. U dunyodagi eng qudratli va ilg‘or texnologik kompaniya — “Sfera”ga ishga joylashadi. Ushbu korporatsiya foydalanuvchilarning shaxsiy elektron pochtalari, ijtimoiy tarmoqlari, bank kartalari va pasportlarini yagona tizimga birlashtirib, har bir inson uchun o‘ziga xos raqamli profil yaratgan.
Dastlab Mey yangi ishidan nihoyatda mamnun bo‘ladi. Biroq kompaniya rahbariyati asta-sekin tobora radikal tus olayotgan yangi nazorat texnologiyalarini joriy eta boshlaydi. Korporativ bosim ostida qolgan va kompaniyaga sodiqligini isbotlashga intilgan Mey hayotidagi har bir qadamni millionlab obunachilarga jonli efirda namoyish etadigan kamerani taqishga rozi bo‘ladi.
“Amerika tuprog‘i” (American dirt) — Jeanine Kammins
Meksikaning Akapulko shahrida shinam kitob do‘koniga egalik qiluvchi Lidiya Peres jurnalist eri bilan baxtli hayot kechiradi. Biroq janob Peres kuchli va shafqatsiz narkokartel rahbari haqida keskin tanqidiy maqola e’lon qilishga qaror qilgach, hammasi o‘zgaradi.
Qasos sifatida kartel jangarilari oilaviy bayram vaqtida qonli qirg‘in uyushtirib, Lidiyaning 16 nafar oila a’zosini, jumladan, uning erini ham shafqatsizlarcha o‘ldiradi. Tirik qolganlar faqat Lidiya va uning 8 yoshli o‘g‘li Luka bo‘ladi.
Lidiya AQShga qochishga qaror qiladi. Bir zumda o‘rta hol, farovon ayol huquqsiz qochqinga aylanadi. Ular minglab kilometr yo‘l bosib o‘tib, politsiya va shafqatsiz jinoyatchilardan yashirinadi.
“Qotil ichida” (A Killer’s Mind) — Mayk Omer
Zoi Bentli — politsiya va Federal qidiruv byurosi bilan hamkorlik qiladigan iqtidorli kriminal psixolog. Uning ishining asosiy xususiyati noyob qobiliyatida: u jinoyatchining obraziga to‘liq kirib, uning fikrlari, motivlari va mantiqini batafsil qayta tiklay oladi.
Roman voqealari Chikagoda kechadi. Shaharda dahshatli seriyali qotil paydo bo‘ladi. U yosh ayollarni bo‘g‘ib o‘ldiradi va ularning jasadlarini shahar ko‘chalarida qoldiradi.
Jinoyatni tergov qilish uchun Federal qidiruv byurosi Zoiga yangi hamkor — maxsus agent Teytum Greyni yuboradi. Dastlab ular o‘rtasida kasbiy kelishmovchilik yuzaga keladi. Biroq odamlarni qutqarish uchun ular bir-biriga ishonishni o‘rganishga majbur bo‘ladi.
“Ave Mariya loyihasi” (Project Hail Mary) — Endi Veyer
Asarning bosh qahramoni — sobiq molekulyar biolog, hozirda maktabda tabiiy fanlardan dars beradigan Rayland Greys. U kosmik kemada o‘ziga keladi, biroq to‘liq xotirasini yo‘qotgan bo‘ladi. U o‘z ismini, qayerda ekanini va nima sababdan ekipajdagi ikki hamkasbi vafot etganini eslay olmaydi.
Asta-sekin Greys yuz bergan falokat xronologiyasini tiklay boshlaydi. Ma’lum bo‘lishicha, Quyosh kosmik mikroorganizmlar bilan zararlangan va ular uning energiyasini jadal ravishda yutmoqda. Bu esa Yerda muqarrar muzlik davri boshlanishi va barcha tirik mavjudotlarning halok bo‘lishi xavfini tug‘diradi.
Butun dunyo insoniyatni qutqarishga qaratilgan missiyani yaratish uchun birlashadi. Greys esa ushbu missiyada kosmik kemada qolgan yagona tirik olim bo‘lib chiqadi. Endi butun insoniyat taqdiri uning intellektual salohiyatiga bog‘liq.
Bill Geyts o‘qishdan charchamaydigan va hatto kimsasiz orolga ham olib ketishga tayyor bo‘lgan 10 ta kitob ro‘yxati — bu yerda o‘qing





