Turkmanistondagi Harbiy va Harbiy-dengiz institutlarida joriy o‘quv yili uchun qabul rejasining qariyb 30 foizi bajarilgan. Masalan, Harbiy-dengiz institutidagi 100 ta o‘ringa 30 ga yaqin abituriyent hujjat topshirgan.
Turkmaniston Mudofaa vazirligiga qarashli Harbiy va Harbiy-dengiz institutlarida 2026/27-o‘quv yili uchun birinchi kursga qabul rejasining qariyb 30 foizi bajarilgan. Bu haqda Turkmen.news qurolli kuchlardagi manbasiga tayanib xabar berdi.
Nashr ma’lumotiga ko‘ra, Harbiy-dengiz institutida yangi o‘quv yilida 100 nafar kursant qabul qilinishi rejalashtirilgan bo‘lsa, amalda ularning soni 30 nafarga yaqin bo‘lgan. Harbiy institutida ham qabul rejasi taxminan uchdan bir qismiga bajarilgan.
Qayd etilishicha, 2026/27-o‘quv yili oldidan harbiy oliygohlarga abituriyentlarni jalb qilish uchun keng targ‘ibot ishlari olib borilgan. Qabul komissiyalari vakillari harbiy qismlarga borib, xizmat muddati yakunlanayotgan askarlarni o‘qishga kirishga undagan.
Shuningdek, harbiy ixtisoslashtirilgan maktab bitiruvchilari ham tegishli institutlarga jalb qilingan. Biroq manbaga ko‘ra, shunga qaramay, talabgorlar soni rejalashtirilgan ko‘rsatkichga yetmagan va hujjat topshirganlarning barchasi o‘qishga qabul qilingan.
Harbiy va Harbiy-dengiz institutlari Turkmanistonda ta’lim to‘liq bepul bo‘lgan oliy ta’lim muassasalaridan hisoblanadi. Talabalarga oyiga 1000 manat miqdorida stipendiya ham beriladi.
Turkmen.news manbasi harbiy oliygohlarga qiziqish pastligining asosiy sabablaridan biri sifatida bitiruvchilarning keyingi faoliyati va harbiy xizmatdagi ijtimoiy sharoitlar bilan bog‘liq omillarni ko‘rsatgan. Nashr yozishicha, 2024-yilda Mudofaa vaziri Begench Gundog‘diyev harbiy xizmatchilarga xizmat uylarini xususiy mulkka o‘tkazish imkonini beruvchi ijtimoiy paketdagi asosiy imtiyozlardan birini bekor qilgan.
Shuningdek, manbaga ko‘ra, harbiy oliygohlarda o‘qish harbiy xizmatni kechiktirish imkonini bermaydi. Harbiy sohani tanlashga to‘sqinlik qilayotgan omillardan biri sifatida esa mamlakat armiyasining salbiy imiji qayd etilgan.
Turkmen.news manbasi shu tendensiya davom etsa, kelgusi yili harbiy oliygohlarning birinchi kurslariga rejalashtirilgan kursantlarning uchdan bir qismi ham to‘planmasligi mumkinligini bildirgan.
