Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi o‘quvchilar uchun maktab mebellarini tanlashda gigiyenik talablarga rioya qilish muhimligini eslatdi.
Qayd etilishicha, o‘quvchilar kunning katta qismini sinfxonada o‘tkazgani sababli parta va stullarning ularning bo‘yiga mos bo‘lishi qaddi-qomatning to‘g‘ri shakllanishida muhim ahamiyatga ega.
Gigiyenik talablarga ko‘ra:
- parta va stullar o‘quvchining bo‘yiga mos o‘lchamda bo‘lishi va raqamli hamda rangli belgilar bilan markalanishi;
- parta yuzasi 7–15 daraja qiyalikda bo‘lishi;
- parta va stullar xavfsiz rang hamda silliq, tozalashga qulay qoplama bilan qoplangan bo‘lishi;
- mebellar formaldegid kabi zararli moddalarni ajratmaydigan, sertifikatlangan xavfsiz materiallardan tayyorlanishi lozim.
Mutaxassislar o‘quvchining bo‘yiga mos va to‘g‘ri tanlangan parta uning sog‘lom qaddi-qomatini saqlash hamda dars vaqtida diqqatini yaxshi jamlashiga yordam berishini ta’kidlamoqda.
Avvalroq, o‘quv xonalarida mashg‘ulotlar o‘tkazishda yengil jismoniy ish bajariladigan xonalarda havo harorati kamida 21 daraja, nisbiy namlik esa 40–60 foiz bo‘lishi kerakligi haqida xabar berilgandi.
