Samarqand viloyatida maktabgacha va maktab ta’limi tizimiga ajratilgan byudjet mablag‘lari bilan bog‘liq qonunbuzarlik aniqlandi. Tekshiruvda 1,1 mlrd so‘mlik mablag‘lar o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilingani ma’lum bo‘ldi.
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Samarqand viloyati boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruv davomida viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasidagi moliyaviy jarayonlar o‘rganilgan.
Tekshiruvda boshqarmaning mas’ul shaxslari tomonidan jami 90 863 dona suyuq sovun xarid qilingani aniqlangan. Mazkur mahsulotlar qimmat narxlarda xarid qilingani natijasida 1,1 mlrd so‘mlik byudjet mablag‘larini o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilingani ma’lum bo‘lgan.
Aniqlangan holat yuzasidan mas’ul shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 167-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Avvalroq, Namanganda ta’lim muassasalariga ajratilgan 1 mlrd so‘m byudjet mablag‘i talon-toroj qilingani aniqlangani haqida xabar berilgandi.
