Turkiyada maktab tashqarisida otishma sodir bo‘ldi: bir necha o‘quvchi jarohatlandi

Turkiyada maktab tashqarisida otishma sodir bo‘ldi: bir necha o‘quvchi jarohatlandi

Turkiyaning Manisa viloyatida maktab tashqarisida otishma sodir bo‘ldi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, hodisa oqibatida 4 nafar o‘quvchi jarohatlangan, gumonlanuvchini qo‘lga olish bo‘yicha qidiruv ishlari boshlangan.

 

Joriy yil 22-sentyabr kuni Turkiyaning Manisa viloyati Turgutlu tumanidagi maktab tashqarisida noma’lum shaxs o‘qotar quroldan o‘t ochgani oqibatida bir necha o‘quvchi jarohatlangan. Bu haqda Türkiye Today nashri xabar berdi.

 

Hodisa Turgutlu tumanining Albayrak mahallasida, taxminan soat 08:00 da, xabarlarda Inci Uzmez kasb-hunar va texnik Anadolu litseyi deb ko‘rsatilgan ta’lim muassasasi tashqarisida sodir bo‘lgan.

 

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, noma’lum gumonlanuvchi maktab tashqarisida odamlarga qarata tartibsiz ravishda o‘q uzgan. Hujum oqibatida o‘quvchilar jarohatlangani haqida 112 tezkor yordam markaziga xabar berilgan.

 

Shundan so‘ng voqea joyiga ko‘plab politsiya va tibbiyot xodimlari yuborilgan. Jarohatlanganlar tez yordam mashinalarida Turgutlu davlat shifoxonasiga olib ketilgan.

 

Turkiyaning NTV telekanali hududdan olingan dastlabki ma’lumotlarga tayanib, to‘rt nafar o‘quvchi jarohatlanganini xabar qilgan.

 

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, gumonlanuvchi voqea joyidan qochib ketgan. Ayni damda qidiruv ishlari olib borilmoqda. Hodisa tafsilotlari hozircha to‘liq aniqlanmagan.

 

Avvalroq, Filippindagi maktabda otishma oqibatida 3 nafar o‘quvchi halok bo‘lgani hamda yana 8 nafari jarohatlangani haqida xabar berilgandi.