Bilim va malakalarni baholash agentligi milliy seritifikat imtihonlari yuzasidan qo’yilgan limit holatini izohladi va murojaatlarga nisbatan munosabat bildirdi.
So‘nggi kunlarda milliy sertifikat imtihonlariga ro‘yxatdan o‘tish ayrim hududlarda qisqa vaqt ichida yopilib qolgani yuzasidan murojaatlar ko‘paydi.
Bilim va malakalarni baholash agentligi ushbu holatga munosabat bildirib, imtihonlarga ro‘yxatdan o‘tish endilikda har bir hudud uchun belgilangan o‘tirish o‘rinlari sonidan kelib chiqib amalga oshirilishini ma’lum qildi.
Mazkur tartib Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 29-iyuldagi 411-son qarori bilan joriy etilgan.
Qarorga ko‘ra:
“Test sinovini o‘tkazish joyi, muayyan hudud bo‘yicha o‘tirish o‘rinlari soni va sanasi Agentlik tomonidan belgilanadi hamda Agentlikning rasmiy veb-sayti va YIDXP orqali e’lon qilinadi. Bunda talabgorlar muayyan hudud bo‘yicha o‘tirish o‘rinlari soniga muvofiq YIDXP orqali ro‘yxatga olinadi”.
Ya’ni, endi milliy sertifikat imtihoniga ro‘yxatdan o‘tishda faqat ariza topshirishning oxirgi muddati emas, balki hudud uchun ajratilgan joylar soni ham ahamiyatga ega. Masalan, o’zbek tili va adabiyoti fanidan milliy sertifikat imtihoni uchun ro’yxatdan o’tish 18-sentyabrdan 2-oktyabrga qadar deb belgilangan edi. Lekin barcha hududlar bo’yicha belgilangan joylar 1-2 soat ichida to’ldi va ariza berish yopildi.
Ya’ni, muayyan viloyat yoki shaharda imtihon uchun ajratilgan barcha o‘rinlar band bo‘lsa, umumiy ro‘yxatdan o‘tish muddati hali tugamagan bo‘lsa ham, o‘sha hudud bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tish yopilishi mumkin.
Agentlik ma’lumotiga ko‘ra, 2026-yilning ikkinchi yarmi uchun:
sentyabrda — 125 753 ta;
oktyabrda — 129 535 ta;
noyabrda — 112 335 ta;
dekabrda — 128 680 ta;
jami 496 303 ta o‘tirish o‘rni belgilangan.
Shuningdek, milliy sertifikat imtihonlari soni ham oshirilmoqda. 2026-yil sentyabr–dekabr oylarida matematika, kimyo, geografiya, biologiya, fizika, ona tili va adabiyot hamda tarix fanlaridan ikki martadan, huquqshunoslik fanidan esa bir marta — jami 15 ta imtihon o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Taqqoslash uchun, 2025-yilning sentyabr–dekabr oylarida jami 11 ta imtihon o‘tkazilgan va ularda 255 217 nafar talabgor ishtirok etgan.
Agentlikning ta’kidlashicha, hududlar bo‘yicha o‘tirish o‘rinlari sonining belgilanishi talabgorlar ishtirokini cheklashga qaratilmagan. Bunday tartib imtihonlarni mavjud bino, texnik vositalar, xodimlar va nazorat imkoniyatlaridan kelib chiqib sifatli tashkil etish, hududlar bo‘yicha yuklamani taqsimlash hamda natijalarni belgilangan muddatlarda e’lon qilish uchun joriy etilgan.
