Toshkentdagi 94-maktabda o‘quvchilar o‘rtasida yuz bergan holat yuzasidan rasmiy munosabat bildirildi. O‘rganish yakunlariga ko‘ra, ikki nafar o‘quvchining ota-onasiga nisbatan ma’muriy choralar ko‘rilgan.
Ijtimoiy tarmoqlarda 94-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabida o‘quvchilar o‘rtasida janjal yuz bergani aks etgan video tarqaldi.
Videoda o‘quvchilardan biri boshqa o‘quvchiga suv sepayotgani va yana boshqa birining yuzini esa latta bilan artayotgani ko‘rinadi.
Mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi rasmiy munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, voqea 2026-yil 18-sentabr kuni maktabning 9-“V” sinfida sodir bo‘lgan.
Dastlab o‘quvchilar o‘rtasida o‘zaro hazil va tortishuv yuzaga kelgan.
Holat o‘quvchilarning ota-onalari, ichki ishlar organlari xodimlari, prokuratura vakillari hamda maktab mas’ullari ishtirokida o‘rganilgan.
O‘rganish yakunlariga ko‘ra, ikki nafar o‘quvchining ota-onasiga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 47-moddasi asosida ma’muriy choralar ko‘rilgan.
