Kutubxonachilarga 50 foizgacha ustama va xorijiy ilmiy bazalardan foydalanish imkoniyatini kengaytirish taklif etilmoqda

Kutubxonachilarga 50 foizgacha ustama va xorijiy ilmiy bazalardan foydalanish imkoniyatini kengaytirish taklif etilmoqda

Prezident qarori loyihasida kutubxonachilarga ko‘p yillik xizmati uchun 50 foizgacha oylik ustama to‘lash, “Yagona raqamli kutubxona”ni ishga tushirish hamda kutubxonalarni 2035-yilgacha zamonaviy “intellektual xab”ga aylantirish taklif qilinmoqda.

 

Muhokamalar portaliga Prezidentning “Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Milliy kutubxonasi faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaror loyihasi jamoatchilik muhokamasi uchun joylashtirildi.

 

Unga ko‘ra, Milliy kutubxona va uning tizimidagi axborot-kutubxona muassasalarida faoliyat koʻrsatayotgan xodimlarning koʻp yillik xizmati uchun quyidagicha koeffitsiyentlarda har oylik ustamalar toʻlash taklif qilinmoqda:

 

  • 2 yildan 5 yilgacha – 0,1;
  • 5 yildan 10 yilgacha – 0,2;
  • 10 yildan 15 yilgacha – 0,3;
  • 15 yildan 20 yilgacha – 0,4;
  • 20 yildan ortiq – 0,5 koeffitsiyent.

 

Ushbu ustama toʻlovlari Axborot-kutubxona muassasalarini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan qoplanadi.

 

Qaror loyihasiga asosan, 2035-yilga qadar kutubxonalarni mamlakatning innovatsion rivojlanish drayveri sifatida inson kapitalini rivojlantiruvchi va jamiyatning maʼnaviy immunitetini mustahkamlovchi, ilm-fan va taʼlim jarayonlarida muhim boʻgʻin sifatida ishtirok etuvchi, raqamli texnologiyalar va boy intellektual merosni birlashtiruvchi umummilliy innovatsion platforma, yaʼni “intellektual xab”ga aylantirish uchun qator ishlar amalga oshiriladi.

 

Bunda:

 

  • axborot-kutubxona markazlarining kitob fondini yangi adabiyotlar bilan yillik toʻldirish darajasini 5 baravarga oshirish;
  • axborot-kutubxona markazlarini “Open Access”, “Knowledge Economy”, “Lifelong Learning” kabi tamoyillar asosida “Smart Library” (Aqlli kutubxona) tizimiga tranformatsiya qilish orqali foydalanuvchilar sonini 2 baravarga oshirish;
  • axborot-kutubxona markazlarining infratuzilmasini takomillashtirish, moddiy-texnika bazasini modernizatsiyalash koʻrsatkichini 100 foizga yetkazish;
  • ilgʻor xorijiy ilmiy-taʼlimiy elektron bazalardan (Oxford University Press, Cambridge University Press, CNKI, East View Information Services, Emerald Publishing, EBSCO, ProQuest, European Respiratory Journal kabi) foydalanish imkoniyatini kengaytirish orqali ilm-fan va taʼlim jarayonlarida axborot-kutubxona resurslaridan foydalanish koʻrsatkichlarini 5 baravarga oshirish;
  • axborot-kutubxona markazlarida inklyuziv xizmatlarni yanada kengaytirish uchun SI-texnologiyalari va adaptiv qurilmalar bilan jihozlash, Brayl alifbosidagi axborot-resurslari bilan bosqichma-bosqich taʼminlab borish darajasini 5 baravarga oshirish;
  • sohani rivojlantirishga qaratilgan loyihalarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha mahalliy grantlar miqdorini 3 baravarga oshirish.
  • kreativ fikrlovchi, zamonaviy texnologiyalardan foydalanish koʻnikmalariga ega yosh kutubxonachi kadrlarni tayyorlash;
  • axborot-kutubxona sohasi vakillarining mehnatga haq toʻlash miqdorlarini oshirish orqali kadrlar qoʻnimsizligini oldini olish, malakali mutaxassislarga boʻlgan ehtiyojni qondirish va mehnat bozorida ushbu kasb jozibadorligini oshirish;
  • axborot-kutubxona sohasida uzoq yillar mehnat qilayotgan mutaxassislar hamda oʻzining kreativ loyihalari asosida sohani yanada rivojlantirishda munosib hissa qoʻshgan kutubxonachi kadrlarni eʼtirof qilish va ularni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash.

 

2026-yil noyabrga qadar oliy taʼlim muassasalarida axborot-kutubxona yoʻnalishi boʻyicha kadrlarni ilgʻor xorijiy davlatlar tajribasi hamda zamonaviy texnologiyalardan foydalangan holda oʻqitish boʻyicha takliflar tayyorlash belgilangan.

 

Shuningdek, 23-avgust kunini “Axborot-kutubxona xodimlari kuni” sifati belgilash toʻgʻrisidagi qonunni qabul qilish taklif etilmoqda.

 

Bunda, quyidagilarni inobatga olish nazarda tutilmoqda:

 

  • oʻzining uzoq yillik mehnati bilan kutubxonachilik sohasini rivojlantirishda munosib xizmat koʻrsatgan axborot-kutubxona vakillari hamda fahriylar davlat mukofotlari bilan taqdirlash;
  • kutubxona vakillari, ayniqsa, yoshlar oʻrtasida Respublika darajasidagi koʻrik-tanlovlar, shuningdek, xalqaro va mahalliy darajadagi anjuman va forumlar, kitob koʻrgazma-yarmarkalarini oʻtkazish;
  • tashkil etilgan koʻrik-tanlovlarda respublika bosqichi gʻoliblarini esdalik sovgʻalari, bir martalik pul mukofotlari, maxsus statuyetka hamda “Axborot-kutubxona aʼlochisi” koʻkrak nishoni bilan ragʻbatlantirish.

 

Bundan tashqari, sunʼiy intellekt texnologiyalaridan keng foydalangan holda “Yagona raqamli kutubxona” loyihasini ishga tushirish rejalashtirilmoqda. Bunda:

 

  • kitobxonlarga yanada qulaylik yaratish maqsadida Milliy kutubxona va barcha axborot-kutubxona markazlari hamda ularda mavjud axborot-resurslarni bir makonda birlashtiruvchi maxsus elektron platformani ishlab chiqish;
  • axborot resurslarini raqamlashtirish va avtomatik tanib olish tizimlarini ishlab chiqish;
  • nashrlarni kataloglashtirish va tasniflash;
  • foydalanuvchilarga qoʻshimcha interaktiv xizmatlar koʻrsatish koʻzda tutilgan.

 

Qaror loyihasiga ovoz berish