Qozog‘istonlik maktab o‘quvchisi Ayganim Ryskali AQShdagi xalqaro ilmiy dasturda to‘liq moliyaviy yordam asosida qatnashib, besh hafta davomida zamburug‘li patogen ustida tadqiqot olib bordi.
Olmaota shahridagi Olmaota-Navro‘zbay maktabi o‘quvchisi Ayganim Riskali AQShda o‘tkazilgan Summer Science Program (SSP) xalqaro yozgi ilmiy dasturida besh hafta davomida bepul tahsil oldi. U dasturga saralab olinib, aviachipta xarajatlarini ham o‘z ichiga olgan 11 800 dollarlik grantni qo‘lga kiritgan.
Ayganim AQShning “Purdue University”da boshqa maktab o‘quvchilari bilan birgalikda qishloq xo‘jaligi ekinlariga zarar yetkazuvchi zamburug‘li patogenni tadqiq qilgan.
SSP qanday dastur?
Summer Science Program (SSP) — maktabning yuqori sinflarida tahsil olayotgan o‘quvchilar uchun mo‘ljallangan xalqaro yozgi ilmiy dastur. Uni AQShdagi mustaqil notijorat SSP tashkiloti tashkil etadi.
Dasturda AQSh va boshqa davlatlardan iqtidorli yuqori sinf o‘quvchilari ishtirok etadi. Bu yil dasturda ishtirok etish uchun qariyb 4 600 nafar nomzod ariza topshirgan va ulardan taxminan 700 nafari saralangan.
Dastur davomida ishtirokchilar faqat ma’ruzalarni tinglabgina qolmay, bir necha hafta davomida professorlar va boshqa o‘quvchilar bilan birga haqiqiy ilmiy tadqiqot loyihalari ustida ishlaydi.
Ayganimning tadqiqot loyihasi Purdue University’da o‘tkazilgan.
Dasturda ishtirok etish uchun belgilangan 11 800 dollarlik xarajat to‘liq moliyaviy yordam hisobidan qoplangan. Bunga aviachipta xarajatlari ham kirgan. Shu sababli uning oilasi dastur uchun mablag‘ sarflamagan.
Katta umidlarsiz topshirilgan arizadan — AQSh laboratoriyasigacha
Ayganim “Digital Business” nashriga bergan intervyusida “Summer Science Program” haqida 10-sinfda bilgan, biroq dasturga hujjatlarini bir yil o‘tib topshirishga qaror qilgan. Uning aytishicha, saralash jarayonida qabul qilinishiga katta umid qilmagan.
Shunchaki nega urinib ko‘rmaslik kerak, deb o‘yladim. Arizani katta umidlarsiz topshirdim. Qabul qilinganimni bilganimda, bu men uchun haqiqatan ham kutilmagan holat bo‘ldi, — deydi u.
Bu yil saralashning birinchi bosqichidan keyingi bosqichga o‘tadigan ishtirokchilar qur’a orqali tanlangan. Shundan so‘ng Ayganim moliyaviy yordam olish uchun alohida ariza topshirgan.
Ehtimol, bu eng qiyin bosqichlardan biri bo‘lgan. Dastlab qaysi moliyaviy hujjatlarni yuklash kerakligini umuman tushunmagandim. Internetdan ma’lumot izladim, turli manbalarni ko‘rib chiqdim va asta-sekin tushunib oldim.
Hujjatlarni tayyorlashda unga kasbga yo‘naltirish bo‘yicha mutaxassis Asemgul ham maslahat bergan.
Natijada Ayganim to‘liq moliyaviy yordamga ega bo‘lgan. Dastur va aviachipta xarajatlari qoplangani sababli uning oilasiga qo‘shimcha xarajat qilishga to‘g‘ri kelmagan.
Bug‘doyga zarar yetkazuvchi zamburug‘ oqsilini tadqiq qildi
Ma’lum qilinishicha, dastur 5 hafta davom etgan. O‘quvchi qiz biologik kimyo yo‘nalishini tanlagan. Uning tadqiqot guruhi 3 kishidan iborat bo‘lgan.
Tadqiqot “Claviceps purpurea” zamburug‘li patogeni bilan bog‘liq bo‘lgan. Mazkur patogen qishloq xo‘jaligi ekinlariga, jumladan, bug‘doyga zarar yetkazishi va hosil yo‘qotilishiga olib kelishi mumkin.
Tadqiqot davomida jamoa CDC14 oqsilini o‘rgangan. Ushbu oqsil oqsil fosfatazalari guruhiga mansub bo‘lib, zamburug‘ning hayot faoliyati uchun zarur bo‘lgan hujayraviy jarayonlar bilan bog‘liq.
Ishtirokchilar mazkur oqsilning faolligini o‘rgangan va uni potensial ravishda bostirishi mumkin bo‘lgan birikmalarni sinovdan o‘tkazgan.
Agar kelajakda samarali ingibitor aniqlansa, u zamburug‘ning hayotiy jarayonlarini buzish va uning o‘simliklarga zarar yetkazish qobiliyatini kamaytirishda qo‘llanishi mumkin.
Juda sodda qilib aytganda, biz zamburug‘dagi muhim oqsillardan biri qanday ishlashini tushunishga harakat qildik. Kelajakda undan o‘simlik kasalligiga qarshi kurashish va hosilni saqlab qolish uchun mumkin bo‘lgan nishon sifatida foydalanish mumkin, — deya tushuntiradi Ayganim.
Kutilmagan natija ham tadqiqotning bir qismi
Ayganim dasturga qadar ham ilmiy tadqiqotlar bilan shug‘ullangan. Biroq AQShda unga yangi laboratoriya usullari va uskunalarini o‘zlashtirishga to‘g‘ri kelgan.
Uning aytishicha, tajribalar kutilgan natijani bermagan holatlar ayniqsa yodida qolgan.
Tadqiqot guruhimiz uch kishidan iborat edi. Ba’zida kutilmagan yoki bir-biriga zid ma’lumotlarni olardik. Bu tajribaning qaysidir bosqichi noto‘g‘ri bajarilgan yoki nimanidir e’tibordan chetda qoldirgan bo‘lishimiz mumkinligini anglatardi. Shu sababli ba’zan bir tajribani ikki, hatto uch marta takrorlashga to‘g‘ri kelardi, — deydi u.
Dastlab u bunday holatlarni muvaffaqiyatsizlik deb qabul qilgan. Keyinchalik esa bunga munosabati o‘zgargan.
Nega bizda bunday natija chiqdi? Nega boshqa guruhlarda hammasi ishlayapti-yu, bizda unday emas? Biz nimani noto‘g‘ri qilgan bo‘lishimiz mumkin? Har bir alohida bosqich yakuniy natijaga qanday ta’sir qiladi? — deb o‘ziga savol bera boshlagan.
Professorlar va ilmiy assistentlar ishtirokchilarga muammolarni aniqlash va tajribalarni qayta o‘tkazishda yordam bergan.
Shuning uchun hozir bu tajribalarni muvaffaqiyatsiz deb atamagan bo‘lardim. Oxir-oqibat yaxshi natijalarga erishdik. Eng muhimi, tadqiqotlarda salbiy yoki kutilmagan natija ham juda foydali bo‘lishi mumkinligini tushundim. Bu seni shunchaki protokolni takrorlashga emas, balki nima qilayotganingni va nima uchun qilayotganingni tushunishga majbur qiladi, — deydi Ayganim.
Maktabda olgan bilimlari AQSh laboratoriyasida asqotdi
Ayganimning so‘zlariga ko‘ra, Nazarbayev Intellektual maktabida kimyo va biologiya fanlaridan olgan fundamental bilimlari unga dasturga tezroq moslashishga yordam bergan.
Masalan, u biologiya darslarida genni plazmidga kiritish kabi mavzularni avval o‘rgangan. Shu sababli laboratoriyada bu jarayonning nafaqat nazariy asoslarini, balki amaliy qo‘llanilishini ham tushunishi osonroq bo‘lgan.
Kimyo fanidan olgan bilimlari ham qo‘l kelgan. Tajribalardan oldin ishtirokchilar kerakli reaktivlar va eritmalar miqdori hamda ularning konsentratsiyasini hisoblagan.
Jamoadoshlarim hisob-kitob qilishda qiynalganida, ularga yordam bera olardim, — deydi maktab o‘quvchisi.
Dasturdagi barcha mashg‘ulotlarning ingliz tilida olib borilgani ham Ayganimga qulaylik yaratgan.
SSPdagi butun dastur — ma’ruzalar, laboratoriya yo‘riqnomalari, o‘qituvchilar bilan muloqot va topshiriqlar ingliz tilida o‘tdi. Shu sababli ilmiy terminlarni rus yoki qozoq tiliga parallel ravishda tarjima qilishimga to‘g‘ri kelmadi, — degan u.
Bundan tashqari, dastur davomida Ayganim yangi laboratoriya texnikalarini o‘zlashtirgan, uskunalar bilan ishlashni, tajriba ma’lumotlarini tahlil qilishni va ilmiy tadqiqot jarayonini o‘rgangan.
Dasturdan so‘ng tibbiyotga qiziqishi yanada ortdi
Hozirda Ayganim biokimyo va tibbiyot sohalariga qiziqayotganini bildirgan. Uni, ayniqsa, oqsillarning molekulyar darajada qanday ishlashi va ulardagi o‘zgarishlarning kasalliklar bilan qanday bog‘liqligi qiziqtiradi.
SSP menga aynan nima meni qiziqtirishini tushunishga yordam berdi. Dastur davomida oqsillar bilan ko‘p ishladim va ularning organizmda qanchalik muhim rol o‘ynashini bildim. Menda aynan shu narsa qiziqish uyg‘otdi: oqsillar va molekulalar darajasida kasallik sababini qanday tushunish va unga ta’sir qilish yo‘lini topish mumkin.
SSPdagi tadqiqot tibbiyotga emas, qishloq xo‘jaligiga oid bo‘lgan. Biroq Ayganim bu tadqiqotda tibbiyot bilan umumiy bo‘lgan fundamental bilimlar borligini ko‘rgan.
Shifokorning ishi bemorga bevosita yordam berishdan iborat. Ammo davolash ortida biologiya, kimyo, molekulyar jarayonlar va juda ko‘p tadqiqotlar turadi, — deydi u.
Lekin u hozircha tibbiyotdagi aniq mutaxassislikni tanlamagan.
Tadqiqot tajribasidan tashqari, Ayganim dasturdagi xalqaro muhitni ham alohida ta’kidlaydi. Unda turli mamlakatlardan qariyb 36 nafar o‘quvchi ishtirok etgan.
Besh hafta davomida ular birgalikda o‘qish va ishlash bilan birga, laboratoriyadan tashqarida ham muloqot qilgan.
Dastur yakunlangach ham Ayganim boshqa ishtirokchilar bilan muloqotni davom ettirgan.
Men SSPdan nafaqat biokimyo bo‘yicha bilimlarni, balki do‘stlar, o‘zimga bo‘lgan ishonch va kelajakdagi hayotimda qanday ilmiy hamda xalqaro muhitda bo‘lishni xohlashim haqidagi tushunchani ham olib qaytdim, — ta’kidlagan u.


