Yevropa Ittifoqi 13 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni taqiqlamoqchi (video)

Yevropa Ittifoqi 13 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni taqiqlamoqchi (video)

Yevrokomissiya prezidenti Ursula fon der Lyayen 13 yoshgacha bo‘lgan bolalarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini taqiqlash, 15 yoshgacha bo‘lganlar uchun esa shaxsiy akkaunt ochishni cheklashni rejalashtirayotganini ma’lum qildi. 13–14 yoshli bolalarga ota-onalar nazorati ostidagi cheklangan akkauntlardan foydalanishga ruxsat berilishi mumkin.

 

Yevropa Ittifoqi 13 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni taqiqlash, kattaroq yoshdagi bolalar uchun esa raqamli texnologiyalarga cheklovlar joriy etishni rejalashtirmoqda.

 

Ayrim YI davlatlari o‘smirlar uchun ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishga cheklovlar joriy etgan. Avstraliya esa 2025-yil dekabr oyida 16 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni taqiqlagan dunyodagi birinchi davlat bo‘lgandi.

 

“13 yoshgacha — ijtimoiy tarmoqlarsiz. 15 yoshgacha — shaxsiy akkauntsiz”, — dedi fon der Lyayen Fransiyaning Strasburg shahrida Yevropa Ittifoqining Ittifoq holati to‘g‘risidagi murojaati chog‘ida.

 

Uning qo‘shimcha qilishicha, 13 va 14 yoshli bolalarga ota-onalar nazorati ostida, imkoniyatlari cheklangan “mini-akkauntlar”dan foydalanishga ruxsat berilishi mumkin. Bunday akkauntlardan foydalanish kuniga bir soat bilan cheklanadi.

 

Aksariyat yirik ijtimoiy tarmoq platformalari 13 yoshdan kichik bolalarga ulardan foydalanishni taqiqlashini allaqachon e’lon qilgan. Biroq internet xavfsizligi bo‘yicha mutaxassislar ushbu qoidaga rioya etilishini ta’minlash uchun yetarli choralar ko‘rilayotganiga shubha bildirmoqda.

 

Yevrokomissiya — Yevropa Ittifoqining ijro etuvchi organi yangi “Bolalar to‘g‘risidagi qonun” (Kids Act) loyihasini taklif etishini fon der Lyayen ma’lum qildi. Mazkur qonun orqali isbotlash majburiyati o‘zgartiriladi: ijtimoiy tarmoq platformalari o‘z xizmatlari voyaga yetmaganlar uchun xavfsiz ekanini isbotlashi kerak bo‘ladi.

 

Ko‘pchilik yirik texnologik kompaniyalarning kuchi haddan tashqari katta va uni cheklashning iloji yo‘q, deb hisoblashini bilaman. Men bunga qo‘shilmayman. Yevropada harakat qilish uchun imkoniyat bor. Qoidalarni Big Tech emas, aynan biz belgilaymiz, — degan fon der Lyayen.

 

Aslida esa “Bolalar to‘g‘risidagi qonun”ni qabul qilish bir necha yil davom etishi mumkin. Chunki loyiha Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlar tomonidan ma’qullanishi kerak. Ularning ayrimlari ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni taqiqlash bo‘yicha o‘z qonunlarini allaqachon ilgari surgan.

 

Fransiya iyul oyida mamlakat parlamenti deputatlari tomonidan ovoz berish orqali 15 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni taqiqlagan birinchi YI davlatiga aylangandi. Biroq keyinchalik bu taqiq mamlakat Konstitutsiyaviy sudi tomonidan bekor qilingan. Ispaniya, Daniya va Shvetsiya ham ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish uchun yosh cheklovlarini joriy etish ustida ish olib borayotgan davlatlar qatoriga kiradi.

 

Pinsent Masons yuridik firmasining hamkori Lauro Fava YI “Bolalar to‘g‘risidagi qonuni”ni amaldagi Raqamli xizmatlar to‘g‘risidagi qonun (Digital Services Act) va Sun’iy intellekt to‘g‘risidagi qonun (AI Act) bilan taqqoslanadigan “yangi YI giganti” deb atadi.

 

U 15-sentyabr kuni Yevropa Ittifoqi miqyosidagi internet xavfsizligi choralari haqidagi xabarlar ortidan e’lon qilgan sharhida shunday yozgan:

 

Ta’sir doirasiga tushuvchi kompaniyalar ko‘plab a’zo davlatlar qonunlari bilan alohida shug‘ullanish o‘rniga yagona, izchil va ehtimol yanada muvozanatli qoidalar to‘plamiga rioya qilishlari mumkin bo‘ladi.

 

Sun’iy intellekt masalasi

 

Fon der Lyayen sun’iy intellekt haqida gapirar ekan, ushbu texnologiya “to‘g‘ri yo‘naltirilsa, insoniyatga foyda keltirish imkoniyatiga ega” ekaniga optimistik qarashini bildirdi.

 

Biroq u texnologiya bilan bog‘liq “ulkan xavflar”, jumladan, ilgari tasavvur ham qilinmagan darajadagi xakerlik hujumlari xavfini bartaraf etish zarurligini ta’kidlagan. Uning fikricha, bu sun’iy intellektning imkoniyatlarini to‘liq ro‘yobga chiqarish uchun muhim.

 

Fon der Lyayen Yevropa Ittifoqi ushbu sohani rivojlantirishni sekinlashtirish borasidagi sa’y-harakatlarni qanday qo‘llab-quvvatlashi mumkinligini muhokama qilish uchun yetakchi sun’iy intellekt laboratoriyalarini muzokaralarga taklif etishini aytgan. So‘nggi kunlarda Anthropic, OpenAI va xAI kompaniyalari rahbarlari ham texnologiya rivojini sekinlashtirish zarurligini ilgari surgan edi.