Endi tibbiyot oliygohlariga kirishda minimal o‘tish bali maksimal ballning 60 foizi etib belgilanadi

Endi tibbiyot oliygohlariga kirishda minimal o‘tish bali maksimal ballning 60 foizi etib belgilanadi

2027/2028-o‘quv yilidan tibbiyot va farmatsevtika yo‘nalishlariga, jumladan, maqsadli qabul doirasida talabalikka kirish uchun minimal chegara maksimal ballning 60 foizi etib belgilanadi.

 

Prezidentning 2026-yil 10-sentyabrdagi “Tibbiyot va farmatsevtika sohasida kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 191-son farmoni qabul qilindi.

 

Farmonga koʻra, 2027/2028 oʻquv yilidan tibbiyot va farmatsevtika sohasida kadrlar tayyorlovchi oliy taʼlim tashkilotlarida bakalavriat taʼlim yoʻnalishlariga, shu jumladan, maqsadli qabul parametrlari doirasida talabalikka qabul qilishning minimal chegarasi kirish imtihonlarida toʻplash lozim boʻlgan maksimal ballning 60 foizi etib belgilanadi.

 

2026/2027 oʻquv yilidan boshlab tibbiyot va farmatsevtika sohasida:

 

  • bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari, magistratura va rezidentura dasturlari har bir oʻquv modulining akademik koʻrsatkichlarini oʻzlashtirishda, shuningdek, davlat imtihonlarida minimal oʻtish ballari shifokor mutaxassisliklari uchun eng yuqori ballning 70 foizi, oʻrta tibbiyot xodimi mutaxassisliklari uchun 60 foiz etib belgilanadi;
  • qisqa muddatli qayta tayyorlash kurslari yoki dasturlari orqali tor soha mutaxassisliklari boʻyicha (qoʻshimcha) ixtisoslashtirish bekor qilinadi;
  • birlamchi maqsadli ixtisoslashtirish kurslari (internatura)ga qabul bekor qilinadi.

 

2027/2028 oʻquv yilidan boshlab hamshiralik ishi kasbiy taʼlim mutaxassisligi negizida tibbiy hamrohlik ishi mutaxassisligi hamda oliy hamshiralik ishi bakalavriat taʼlim yoʻnalishi negizida oliy tibbiy hamrohlik ishi bakalavriat taʼlim yoʻnalishi joriy etiladi.

 

Bunda:

 

  • tibbiy hamrohlik ishi mutaxassisligi hamda oliy tibbiy hamrohlik ishi bakalavriat taʼlim yoʻnalishini bitirgan xotin-qizlarga hamshira hamda erkaklarga tibbiyot ogʻasi kvalifikatsiyasi beriladi;
  • oliy tibbiy hamrohlik ishi bakalavriat taʼlim yoʻnalishida davlat buyurtmasi qabul parametrlari 2030/2031 oʻquv yiliga qadar har yili kamida 20 foizga oshirib boriladi.

 

Avvalroq, farmonga asosan “Umumiy tibbiyot” bitiruvchilari oilaviy shifokor lavozimida faoliyat yuritishi mumkin boʻlishi haqida xabar berilgandi.