Namangan viloyati Davlatobod tumanidagi ta’lim muassasalariga isitish qozoni yetkazib berish bo‘yicha tuzilgan shartnoma talablari buzilgani aniqlangan. Holat yuzasidan 1 mlrd so‘m byudjet mablag‘ini o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Namangan viloyati boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda Davlatobod tumani Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi mas’ul shaxslari tomonidan byudjet mablag‘lari talon-toroj qilingani aniqlangan.
Ma’lum bo‘lishicha, mas’ul shaxslar boshqa fuqarolar bilan til biriktirib, tumandagi ta’lim muassasalariga isitish qozonlari yetkazib berish bo‘yicha tuzilgan shartnomaga ko‘ra, “ABS” rusumli isitish qozonlarini xarid qilishi kerak bo‘lgan.
Biroq amalda “LES” rusumli isitish qozonlari sotib olingan. Natijada 1 mlrd so‘m byudjet mablag‘i o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilingani aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilayotgani ma’lum qilingan.
Avvalroq, Namanganda maktab direktorligi lavozimi uchun 10 ming dollar talab qilgan MMTB bo‘limi boshlig‘i ushlangani haqida xabar berilgandi.
