Xorijda tahsil olayotgan o‘zbekistonlik yoshlar uchun 8ta ustuvor yo‘nalish bo‘yicha “Vatandosh stipendiyasi” tanlovi tashkil etiladi. Tanlov g‘oliblariga bir martalik grant ajratiladi.
Xorijda tahsil olayotgan va o‘z bilim hamda tajribasini O‘zbekiston rivojiga yo‘naltirishni maqsad qilgan yoshlar uchun “Vatandosh stipendiyasi” tanlovi o‘tkaziladi. Tanlov iqtidorli yoshlarning innovatsion g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash hamda mamlakat uchun amaliy ahamiyatga ega loyihalarni rivojlantirishga qaratilgan.
Tanlov quyidagi 8 ta ustuvor yo‘nalish bo‘yicha tashkil etiladi:
- axborot texnologiyalari va raqamli innovatsiyalar;
- ekologiya va atrof-muhit;
- tibbiyot va sog‘liqni saqlash;
- muhandislik, sanoat va energetika texnologiyalari;
- qishloq xo‘jaligi va biotexnologiya;
- moliya, iqtisodiyot va biznes boshqaruvi;
- davlat boshqaruvi, huquq va xalqaro munosabatlar;
- ta’lim, ijtimoiy-gumanitar va madaniyat.
Mazkur tanlovda xorijiy davlatlardagi rasman akkreditatsiyadan o‘tgan oliy ta’lim muassasalarida kunduzgi ta’lim shaklida tahsil olayotgan O‘zbekiston fuqarolari ishtirok etishi mumkin.
Ishtirok etish uchun quyidagi hujjatlar talab etiladi:
- pasport nusxasi;
- xorijiy OTMdan ma’lumotnoma yoki transkript;
- loyiha taqdimoti;
- 500–1500 so‘zdan iborat motivatsion xat;
- 3×4 hajmdagi fotosurat.
Nomzod faqat bitta yo‘nalish va bitta ta’lim bosqichi bo‘yicha hujjat topshirishi mumkin.
Arizalar https://vatandoshlar.uz orqali 30-sentyabrgacha (shu kuni ham) qabul qilinadi.
Tanlov doirasida jami 20 ta stipendiya o‘rni ajratilgan. Har bir yo‘nalish bo‘yicha bakalavriat va magistratura bosqichidan bittadan g‘olib aniqlanadi.
Stipendiya bir martalik yagona grant sifatida tayinlanadi. G‘oliblarga quyidagi miqdorda stipendiya beriladi:
- bakalavriat bosqichi uchun — 1 000 AQSH dollari;
- magistratura bosqichi uchun — 1 500 AQSH dollari.
Toʻlov ikki qismga boʻlib amalga oshiriladi:
- birinchi qismi (stipendiya summasining 50 foizi) rekvizitlar tasdiqlangan kundan boshlab 15 (oʻn besh) ish kuni ichida toʻlanadi;
- qolgan qismi (50 foizi) birinchi qism toʻlangan kundan boshlab 6 (olti) oy oʻtgach toʻlanadi.
Yakuniy natijalari e’lon qilingan kundan boshlab 5 ish kuni ichida apellyatsiya bo‘yicha yozma murojaat qilish mumkin.
