Toshkentda maktabgacha ta’lim qamrovini oshirish maqsadida aholisi zich hududlardagi bog‘chalar quvvatini kengaytirish rejalashtirilmoqda. Olmazor tumanidagi 441-sonli bog‘cha tajribasi asosida poytaxtning boshqa tumanlarida ham ehtiyoj yuqori bo‘lgan hududlar aniqlanib, yangi loyihalar ishlab chiqiladi.
Kecha, 11-sentyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Toshkent shahrini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, investitsiya va bandlikni oshirish, mahallalarda zamonaviy infratuzilma yaratish masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Unda maktabgacha ta’lim qamrovini oshirish masalasi ham ko‘rib chiqilgan.
Hozir Olmazor tumanida bolalarni maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish darajasi 67 foizni tashkil etmoqda. Aholisi zich hududlarda mavjud bog‘chalar quvvatini kengaytirish orqali bu ko‘rsatkichni sezilarli oshirish mumkinligi ta’kidlangan.
Qayd etilishicha, 441-sonli bog‘cha hududida mavjud 385 o‘ringa qo‘shimcha 450 o‘rinli yangi bino qurilishi natijasida mahallaning ehtiyoji to‘liq qoplangan. Ushbu tajriba asosida yil yakuniga qadar Olmazorda kamida yana 5 ta shunday loyihani boshlash belgilangan.
Poytaxtning boshqa tumanlarida ham aholisi zich mahallalar aniqlanib, bog‘cha infratuzilmasini kengaytirish bo‘yicha loyihalar tayyorlanadi.
Shu bilan birga, Toshkentda transport tirbandligi tobora dolzarb bo‘lib borayotgani qayd etilgan. Ayni damda poytaxt ko‘chalarida kuniga 1,5 millionta transport vositasi harakatlanmoqda.
Tirbandlikni faqat yo‘llarni kengaytirish, ko‘prik va tunnellar qurish bilan hal etib bo‘lmasligi ta’kidlanib, piyodalar va avtomobillar harakatini xavfsiz va samarali boshqarish uchun intellektual transport tizimlarini joriy etish bo‘yicha ishlarni yil yakuniga qadar boshlash vazifasi qo‘yilgan.
Yig‘ilish davomida davlat rahbari Olmazor tumanida huquqbuzarliklarning oldini olish bo‘yicha yo‘lga qo‘yilgan yangi ish uslubi natijalarini ham tahlil qilgan.
Ta’kidlanishicha, yil boshidan tumanga Huquqni muhofaza qilish akademiyasining professor-o‘qituvchilari biriktirilgan. Ular 23 nafar tergovchi bilan ishlab, hududda ko‘p uchraydigan jinoyatlarning oldini olish va tergov samaradorligini oshirish bo‘yicha zamonaviy metodikalarni joriy etmoqda.
Akademiyaning 20 nafar talabasi esa dual ta’lim asosida tajribali tergovchilar va profilaktika inspektorlariga biriktirilgan. Bu ularning amaliy tayyorgarligini kuchaytirish bilan birga mahallalarda profilaktika ishlariga ham ko‘mak bermoqda.
Natijada tumandagi 64 ta mahallaning 13 tasida jinoyat sodir etilmagan, kriminogen vaziyati og‘ir toifadagi mahallalar esa qolmagan. Ayollar ishtirokidagi jinoyatlar 22 tadan 10 taga kamaygan, muqaddam jazo o‘tagan shaxslar tomonidan qayta jinoyat sodir etish holatlari kuzatilmagan.
Shu bilan birga, yoshlar o‘rtasidagi jinoyatchilik va tan jarohati bilan bog‘liq holatlar hali ham alohida e’tibor talab qilishi qayd etilgan.
Yoshlar o‘rtasida huquqbuzarliklarni keskin kamaytirish bo‘yicha samarali profilaktika mexanizmlarini ishlab chiqib, Olmazor tajribasini shakllantirish vazifasi qo‘yilgan.
Avvalroq, poytaxtda 400 o‘rinli texnikum va zamonaviy kasb-hunar markazi tashkil etilishi haqida xabar berilgandi.

