Toshkentdagi OTMlarda kechki smenada darslar soat nechada boshlanadi?

Toshkentdagi OTMlarda kechki smenada darslar soat nechada boshlanadi?

2026/2027-o‘quv yilidan Toshkent shahridagi OTMlarda birinchi smenadagi darslar soat 08:00 da boshlanishi belgilangan. Kechki ta’limda tahsil olayotgan talabalar uchun darslarning boshlanish vaqti esa oliygohlarning o‘zi tomonidan belgilanadi.

 

Avvalroq, 2026/2027-o‘quv yilidan boshlab Toshkent shahrida joylashgan oliy ta’lim tashkilotlarida birinchi smenadagi o‘quv mashg‘ulotlari soat 08:00 da boshlanishi belgilanganini xabar bergan edik.

 

Kechki ta’limda tahsil olayotgan talabalar uchun mashg‘ulotlar qaysi vaqtdan boshlanishini aniqlash maqsadida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligiga murojaat qildik.

 

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi Talimxabarlari.uz’ga ma’lum qilishicha, o‘quv jarayoni grafigi oliy ta’lim tashkilotlarining o‘zi tomonidan shakllantiriladi.

 

Bunda dars jadvali auditoriyalar sig‘imi hamda professor-o‘qituvchilar tarkibining ta’minlanganligi kabi omillardan kelib chiqib tuziladi.

 

Shu sababli kechki ta’limda tahsil olayotgan talabalar uchun mashg‘ulotlarning aniq boshlanish vaqti barcha OTMlarda bir xil bo‘lmasligi mumkin. Talabalar dars jadvali va mashg‘ulotlarning boshlanish vaqtini o‘z oliygohidan aniqlashi mumkin.

 

Amaldagi tartibga ko‘ra, kechki (smenali) ta’lim kunduzgi ta’limdan farqli ravishda, asosan talabalarning mehnat faoliyatidan keyingi vaqtda tashkil etiladi. Bunda auditoriya mashg‘ulotlari bilan bir qatorda mustaqil, jumladan, masofadan turib o‘qish imkoniyati ham mavjud.

 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Talimxabarlari.uz Toshkentdagi OTMlarda birinchi smenadagi darslarning soat 08:00 da boshlanishiga talabalar munosabatini ham o‘rgangan edi.