OpenAI 10 mingta sun’iy intellekt agentidan foydalanib, qariyb 90 yildan beri matematiklar uchun murakkab muammo bo‘lib kelayotgan Navye–Stoks masalasining muhim qismini yechganini ma’lum qildi. Kompaniya AI agentlari masala ustida 88 soat ishlaganini aytmoqda, biroq topilgan yechim hali mustaqil ekspertlar tomonidan tasdiqlanmagan.
OpenAI yangi sun’iy intellekt modeli yordamida matematikaning eng murakkab masalalaridan biri hisoblangan Navye–Stoks tenglamalariga oid masalani yechishga muvaffaq bo‘lganini e’lon qildi.
Kompaniya ma’lumotlariga ko‘ra, avgust oyi oxirida matematika masalalarini yechishda yuqori natija ko‘rsatgan yangi model sinovdan o‘tkazila boshlangan. Shundan so‘ng OpenAI tadqiqotchilari qolgan murakkab matematik masalalar ustida ushbu modeldan foydalanishga qaror qilgan.
1-sentabr kuni kompaniya ikki nafar matematikning Millennium Prize doirasidagi masalalardan ikkitasi yechilgani haqida mish-mishlarni eshitganini ma’lum qilgan. Shundan keyin yangi model asosida ishlaydigan minglab AI agentlari masalalarni mustaqil ravishda yechishga yo‘naltirilgan.
OpenAI 10 mingta AI agentini Navye–Stoks masalasiga jalb qilgan. Kompaniya hisob-kitobiga ko‘ra, ular taxminan 88 soat davomida masala ustida ishlagan va 5-sentabrga kelib yechim topilgan.
Navye–Stoks tenglamalari suyuqlik va gazlarning harakatini matematik jihatdan ifodalaydi. Ushbu tenglamalar asosidagi “mavjudlik va silliqlik” muammosi qariyb 90 yildan beri matematiklar tomonidan to‘liq isbotlanmagan masalalardan biri bo‘lib kelgan. U turbulentligini, ya’ni suyuqlik va gazlar harakatidagi murakkab jarayonlarni tushunishda muhim ahamiyatga ega.
OpenAI ma’lumotlariga ko‘ra, AI agentlari masala ustida ishlash davomida qariyb 3 millionta xabar almashgan va 130 milliardga yaqin chiqish tokenidan foydalangan. Kompaniya bunday hisoblash jarayoni o‘zining eng ilg‘or modellariga belgilangan narxlar asosida taxminan 10 million dollarga tushgan bo‘lishi mumkinligini bildirgan.
Biroq OpenAI topgan yechim hali mustaqil ravishda tekshirilmagan. Shuningdek, natija AQSHdagi Clay Mathematics Institute tomonidan ham rasman qabul qilinmagan. Mazkur institut yettita “Millennium Prize” masalasini belgilagan bo‘lib, ularning har birini to‘liq yechganlik uchun 1 million dollarlik mukofot ta’sis etilgan.
OpenAI o‘z natijasi ushbu mukofotni olish uchun taqdim etilayotganini aytmagan. Kompaniya tadqiqotdan ko‘zlangan asosiy maqsad sun’iy intellekt modellarining murakkab matematik masalalarni yechishdagi imkoniyatlari qanchalik rivojlanganini ko‘rsatish ekanini bildirgan.
Shu bilan birga, OpenAI bayonoti matematiklar orasida bahslarga sabab bo‘lgan. Nyu-York universiteti matematika professori Tristan Bakmaster va Anthropic kompaniyasida ishlovchi matematik Levent Alpöge ham ayni masala ustida ishlayotganini ma’lum qilgan.
Bakmasterning aytishicha, u 3-sentabr kuni o‘zlari olib borgan ishlar haqidagi ayrim ma’lumotlar OpenAI’ga yetib borgani haqida xabar topgan. U OpenAI Navye–Stoks masalasi ustida ishlashni aynan ularning tadqiqotlari haqidagi ma’lumot kompaniyaga yetib kelganidan keyin boshlaganini da’vo qilgan.
OpenAI esa Bakmaster va Alpögening ishlarini ommaga e’lon qilguniga qadar ko‘rmaganini bildirgan. Kompaniya Navye–Stoks masalasi ustidagi ishlarida foydalanuvchilarning ma’lumotlaridan foydalanilmaganini ham ta’kidlagan.
Shu sababli OpenAI taqdim etgan yechimning matematik jihatdan to‘g‘riligi va mustaqil ravishda tasdiqlanishi hozircha asosiy masala bo‘lib qolmoqda. Kompaniyaning o‘zi ham natijani “muhim yutuq” sifatida baholagan bo‘lsa-da, uni Millennium Prize uchun rasmiy yechim sifatida ilgari surmagan.
Avvalroq, AQSH olimlari oʻtkazgan tadqiqotda sunʼiy intellekt tomonidan yozilgan hikoyalar oʻquvchilar tomonidan inson mualliflari yozgan hikoyalarga qaraganda sifatliroq va qiziqarliroq deb baholangan edi.
